Qashqadaryo viloyatining juda olis qishlog‘ida oilaviy poliklinika ish boshladi
Chiroqchi tumanidagi Tarag‘ay qishlog‘i tuman markazidan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan. Sohibqiron Amir Temur bobomizning otasi nomi bilan bog‘liq ushbu qadimiy tarixga ega qishloqning tabiati juda go‘zal. To‘rt tomoni purviqor tog‘lar bilan o‘ralgan so‘lim go‘sha. Bu yerda to‘rt faslning ham o‘zgacha tarovati bor. Ayniqsa, bahor faslida hudud nihoyatda xushmanzara manzilga aylanadi. Tarag‘ay turizm qishlog‘i maqomini olgan bo‘lib, keyingi yillarda uning iqtisodiy, ijtimoiy holati o‘zgarib bormoqda. Yangi yo‘llar, infrastruktura tizimlari yaratilmoqda.
Hududda 4 ta mahallaga birlashgan o‘ndan ziyod qishloq mavjud bo‘lib, ularda 33 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Bugun ushbu 4 ta mahalla aholisiga xizmat qiladigan “Tarag‘ay” oilaviy poliklinikasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 33 ming nafardan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadigan ushbu shifo maskanida 50 nafardan ziyod tibbiyot xodimi faoliyat ko‘rsatmoqda. Kunduzgi stasionar davolanish uchun 25 ta o‘rin aholi xizmatida.
Oilaviy poliklinikaga yaqin qishloqlar aholisining uzoq yillik orzulari ushaldi. Endi stasionar davolanish uchun tuman markaziga qatnashning hojati yo‘q. Shu yerning o‘zida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit va imkoniyat yaratildi. Tibbiyot maskanida hozircha 5 nafar oliy ma’lumotli shifokor ishlayapti. Kelgusida ularning soni yanada ko‘payadi.