Misrda dunyodagi eng qimmat muzey ochildi

Misrda dunyodagi eng qimmat muzey ochildi
16 oktyabr kuni Gizada Katta Misr muzeyi sinov tariqasida ochildi, deb xabar bermoqda The Guardian. Ulkan loyihani amalga oshirish uchun 22 yil va 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ ketdi. U nafaqat ko‘lami bo‘yicha Luvrni ham ortda qoldiradigan me’moriy muzey majmuasi, balki eng qimmat loyihalardan birir sifatida ham e’tirof etilmoqda.

Misr turizm va qadimiyot vazirligi arxeologiya masalalari bo‘yicha yordamchisi at-Toyib Abbosning ma’lum qilishicha, rasmiy ochilish sanasigacha (bu hozircha noma’lum) muzeyga 4 ming kishi tashrif buyuradi. Amaldorning ta’kidlashicha, sinov tariqasida ochish muzey logistikasini tahlil qilish, shuningdek, to‘liq ishga tushirish va sayyohlar oqimiga puxta tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi.
Muzeyda jami 12 ta zal bo‘lib, ularning har birida kamida 15 mingta artefakt namoyish etiladi. Galereyalar tarixiy davrlar va sulolalar bo‘yicha tasniflangan. Loyiha rahbari Eysa Zidanning so‘zlariga ko‘ra, barcha zallar zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan: qadimgi misrliklar, shu jumladan, shohlar hayoti haqida hikoya qiluvchi multimedia taqdimotlari mavjud bo‘lib, zallardan birida qadimgi Misr dafn marosimlari haqida hikoya qiluvchi virtual reallik texnologiyalari o‘rnatilgan. Zidan Gizadagi muzeyni “dunyo ahliga sovg‘a” deb atadi.
Hozircha zallarning hammasi ham ochiq emas. Ammo balandligi olti qavatli uyga teng bo‘lgan va muzey atrofidagi Giza ehromlari ko‘rinib turadigan zinapoyaga chiqish mumkin. Muzeyning boshqa qismlari, jumladan, Tutanxamon xazinalari kolleksiyasini keyinroq ochish rejalashtirilgan.
1992 yilda Misr prezidenti Husni Muborak mamlakatning butun tarixini o‘zida mujassam etadigan yangi muzey qurish rejalarini e’lon qilgandi. Bunga asosiy sabab Qohiradagi Misr muzeyi yetarlicha yoritilmagani va katta shahar tebranishlaridan zarar ko‘rayotgan eksponatlar bilan to‘lib-toshgani edi.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-