Samarqandda ikki nafar hokim yordamchisi 1000 dollar pora bilan qo‘lga olindi
DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bir qator korrupsion holatlarga chek qo‘yildi.
Xususan, olib borilgan faol tadbir davomida Samarqand davlat universiteti “Matematika” fakulteti tyutori vazifasida ishlovchi 49 yoshli T.A. viloyat budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining mansabdor shaxslari bilan jinoiy til biriktirib, mahalliy fuqarolarning mehnat faoliyatlariga 20 yillik ish staji qo‘shib, nafaqaga chiqarib berish evaziga firibgarlik yo‘li bilan 3 ming dollarni olayotgan vaqtda ushlangan.
Shuningdek, hamkorlikda o‘tkazilgan yana bir tadbirda Samarqand shahrida yashovchi, Samarqand tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi 34 yoshli X.E. va Past Darg‘om tumanida yashovchi, Samarqand tumanidagi mahallalarning birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi 49 yoshli B.V. jinoiy til biriktirgani aniqlangan.
Ular tumandagi mahalla hududidan oqib o‘tuvchi “Siyob” kanali bo‘yida joylashgan, hokimlik zaxirasidagi 3,5 sotix bo‘sh yer maydonini prezident farmoniga asosan yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bahonasida auksionga chiqarib, yutib berishni va’da qilgan. Shuningdek, ushbu ikki hokim yordamchisi tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini qonuniy rasmiylashtirib berish evaziga mahalliy fuqarodan 1,3 ming dollarni talab qilib, oldindan 1 000 dollar miqdoridagi pullarni bo‘nak sifatida olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.