O‘zbekistonda “poraxo‘rlik” bilan g‘oliblikka erishganlar umrbod futboldan chetlatildi

O‘zbekistonda “poraxo‘rlik” bilan g‘oliblikka erishganlar umrbod futboldan chetlatildi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan O‘zFHM hakamlari Xusan Muzaffarov, Obid Jumayev va Jasur Rustamov hamda “Qo‘qon-1912” futbol klubi sport direktori Shuhrat Mo‘minovning kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganligi to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi.
Qo‘mita tomonidan kun tartibidagi masalani o‘rganish davomida aniqlanishicha, 2023-yil 22-mart kuni Proliga doirasida bo‘lib o‘tgan “Qo‘qon-1912” – “Mash’al” futbol klublari o‘rtasidagi uchrashuvdan oldin “Qo‘qon-1912” futbol klubi vakili Shuhrat Mo‘minov O‘zbekiston futbol hakamlari markazi hakami Xusan Muzaffarovga “Qo‘qon-1912” futbol klubi foydasiga hakamlik qilishini so‘rab murojaat qilgan hamda evaziga pul mablag‘i taklif qilgan. Uchrashuv bosh hakami Xusan Muzaffarov ushbu taklifga rozi bo‘lgan va o‘yin “Qo‘qon-1912” futbol klubi foydasiga yakunlangan.

Shuningdek, 2023-yil 18-iyun sanasida Proliga doirasida bo‘lib o‘tgan “Orol” – “Qo‘qon-1912” futbol klublari o‘rtasidagi uchrashuv oldidan “Qo‘qon-1912” klubi vakili Shuhrat Mo‘minov o‘yin hakamlari Xusan Muzaffarov, Obid Jumayev va Jasur Rustamovlarga uchrashuvni “Qo‘qon-1912” klubi foydasiga hal bo‘lishi uchun moddiy manfaat taklif etgan. Uchrashuv bosh hakami Xusan Muzaffarov mazkur taklifga rozi bo‘lgan hamda pul mablag‘larini yordamchi hakamlar Obid Jumayev va Jasur Rustamovlar bilan o‘zaro bo‘lib olgan.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasi mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston futbol hakamlari markazi hakamlari Xusan Muzaffarov, Obid Jumayev va Jasur Rustamovni O‘FA Intizom kodeksining tegishli bandlarini buzgan deb topdi. Ularga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish hamda jarima intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Shuningdek, “Qo‘qon-1912” futbol klubi sport direktori Shuhrat Mo‘minov O‘FA Intizom kodeksining tegishli bandlariga asosan aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish jazosi tayinlandi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi kelishilgan o‘yinlarni aniqlash bo‘yicha FIFA, OFK, “Sportradar” va boshqa tegishli tashkilotlar bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelayotganligini ma’lum qiladi. O‘z navbatida, kelgusida aniqlanadigan holatlar yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantiradi.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-