Yoshga doir pensiyalarni tayinlash uchun endi hech qanday hujjat talab etilmaydi

Yoshga doir pensiyalarni tayinlash uchun endi hech qanday hujjat talab etilmaydi
O‘zbekistonda 2025-yil 1-martdan boshlab 60 yoshga yetgan erkaklarga va 55 yoshga yetgan ayollarga pensiyalar, shu kunning o‘zida biror-bir turdagi hujjat talab etmagan holda tayinlanadi.
Bu prezidentning 2023-yil 31-oktyabrdagi “Aholiga pensiya tayinlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Bunda, shaxsga oid ma’lumotlar (fuqaroning yoshi, jinsi), ish staji, ish haqi (to‘langan ijtimoiy soliq summasi) va oila tarkibi (turmush o‘rtog‘i va farzandlari) Adliya vazirligi, Bandlik vazirligi hamda Soliq qo‘mitasining elektron bazalaridan olinadi. Natijada esa fuqarolarga pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha hujjatlar yig‘ish hamda o‘zi istiqomat qiluvchi Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmasiga murojaat qilish talab etilmaydi.
Pensiya yoshiga yetgan fuqaroga shu kunning o‘zida pensiya avtomatik tarzda tayinlangandan so‘ng, fuqaroning mobil aloqa vositasiga ma’lumot yuboriladi. 
Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan:
fuqarolarga pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha ravishda Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham murojaat qilish imkoniyati yaratilmoqda;
fuqarolarga pensiya tayinlanganidan so‘ng AT “Xalq banki”da jamg‘argan pensiya pulini olish uchun Pensiya jamg‘armasidan qog‘oz shaklidagi sertifikat berish tartibi bekor qilinmoqda.
Bunda, fuqaro “Xalq banki”da mehnat faoliyati davomida har oylik ajratmalari asosida jamg‘argan mablag‘larni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki bankning mobil ilovasi orqali olish imkoniyati yaratilmoqda.
Pensiya yoshiga yetgan, ammo pensiyaga chiqmasdan ish faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan yoki pensiya miqdoridan norozi bo‘lgan fuqarolarga avtomatik tayinlangan pensiyani to‘xtatish huquqi berilmoqda.
Qonunchilikka muvofiq pensiya miqdoridan norozi bo‘lgan fuqarolarga, pensiya miqdoriga taʼsir etuvchi qo‘shimcha hujjatlarni istalgan vaqtda taqdim etish huquqi berilgan.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-