Aholiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan ko‘mirni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Rishton tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Oltiariq ko‘mir ombori mudiri M.I. Rishton tumanidan ko‘mir omboriga biriktirilgan jamoatchi vakil S.E. va boshqalar o‘zraro til biriktirib, kuz-qish mavsumida Rishton aholisiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan umumiy bahosi 774,1 mln so‘mlik 2 578 tonna ko‘mirni soxta hujjatlarni rasmiylashtirish yo‘li bilan boshqa shaxslarga bozor narxida sotib yuborib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Mirzacho‘l tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Ko‘mir ta’minot” MCHJning “Do‘stlik” ko‘mir ombori mas’ul shaxslari va boshqalar 351 tonna ko‘mirni aholiga imtiyozli narxlarda sotilganligi to‘g‘risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.