Qonunchilikda 1-apreldan nimalar o‘zgaradi?

Qonunchilikda 1-apreldan nimalar o‘zgaradi?
O‘zbekiston qonunchiligida 2024-yil 1-apreldan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi. Jumladan "suyunchi puli" berish tartibi o'zgaradi, ayrim soliq turlari oshadi, nomoddiy meros saqlovchilar rag'batlantiriladi. Quyida o'zgartirishlar haqida batafsil ma'lumot beramiz.

Endi "suyunchi puli" barchaga birdek berilmaydi
Endilikda ikkinchi va undan keyingi farzandlar uchun suyunchi puli barchaga birdek berilmaydi. 1-apreldan boshlab farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli birinchi farzandi uchun — barcha ayollarga, ikkinchi farzandi uchun — farzand tug‘ilgan paytda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” aхborot tizimiga kiritilgan oilaning a’zosi bo‘lgan ayollarga rasmiylashtiriladi. Qolgan barcha holatlarda nafaqa to‘lanmaydi.

Yolg‘iz keksalarga poyezdga bepul chiptalar ajratiladi
Reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga va ularga bevosita hamrohlik qiluvchi 1 nafar shaxsga bir yilda bir marta temiryo‘l yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar (borish va qaytish uchun) ajratiladi. Reyestr “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan yuritiladi.

Ai-80 benzin narxi oshadi
Aksiz solig‘i stavkalarining o‘zgarishi munosabati bilan neft mahsulotlari narxlari o‘zgaradi. Xususan, neft mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi aksiz solig‘i Ai-80 benzini mahsulotining 1 tonnasi uchun 303 000 so‘mdan 340 000 so‘mga (37 000 so‘mga), neft mahsulotlarini va suyultirilgan gazni yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilishda aksiz solig‘i Ai-80 benzin uchun mahsulotining 1 tonnasi uchun 565 000 so‘mdan 633 000 so‘mga (68 000 so‘mga) oshishi belgilangan.

QQS bo‘yicha ayrim imtiyozlar bekor qilinadi
Tibbiy xizmatlar, veterinariya xizmatlari, dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun mo‘ljallangan buyumlar uchun 1-apreldan QQS to‘lanadi.

Chiqindi xizmatlari narxiga QQS hisoblanadi
Chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun nol darajali stavka bo‘yicha soliq solinishi bekor qilinadi. Xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan ko‘rsatiladigan sanitar tozalash xizmatlari qiymatiga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanadi. Mazkur o‘zgartirish aholi va tadbirkorlar uchun ham amal qiladi.

Chiqindi pulini to‘lamaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilish vaqtincha to‘xtatiladi
Shuningdek, ko‘chmas mulk hamda avtotransportlar bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlashda qarzdorlik mavjudligi Yagona elektron tizim orqali onlayn tekshirilib, qarzdorlik bartaraf etilgach notarial harakat amalga oshiriladi.

Tadbirkorlarga subsidiyalar ajratishning yangi tartibi kuchga kiradi
Subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar tadbirkorlik subyektlariga barqarorlik reytingidagi o‘rnidan kelib chiqqan holda ajratiladi va qo‘llaniladi.
Tuman (shahar) viloyat arxitektorlari sertifikatlanadi
Shaharsozlik sohasidagi quyidagi toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3 yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etiladi:
tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari;
qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari inspektorlari.
Bunda, mutaxassislarni sertifikatlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha ishchi organ funksiyasi Kompetensiyani rivojlantirish institutiga yuklanadi.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida ayrim xizmatlar ko‘rsatiladi
Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida:
ularda joylashtirilgan shaxslarga ularning ehtiyoji hamda xohishiga ko‘ra qisqa va uzoq muddat qolish hamda internat uyidan butunlay chiqish imkoniyati yaratiladi;
ular tomonidan mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.
Bunda, mazkur xizmatlardan:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ATga kiritilgan oilalarning o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalari va nogironligi bo‘lgan shaxslari bir yilda bir marta bepul ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari joylashgan hududdagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar shartnoma asosida foydalanadi.
Gazlangan ichimliklarga aksiz solig‘i
Tarkibida shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylashtiruvchi moddalar bo‘lgan, gazlangan hamda iste’mol qadog‘iga qadoqlangan ichimliklarning (energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklar bundan mustasno) 1 litri uchun 500 so‘m, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarning 1 litri uchun 2 000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i belgilanadi.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-