AQSHda olimlar sun’iy yurak yaratdi
AQSHning Los-Anjeles shahrida joylashgan Cidars-Sinay tibbiyot markazi olimlari inson yuragi funksiyalarini bajara oladigan maxsus chip yaratdi. Ushbu nanotexnologiya turli kasalliklarni davolashda qo‘llanilishi mumkin.
Xususan, mitti qurilma saraton muolajasiga doir tadqiqot va sinovlarda juda foydali. Ya’ni u yurak faoliyatini batafsil o‘rganish hamda kasallik paytidagi holatini tekshirish ikonini beradi.
Qolaversa, endi yangi dorilar, ayniqsa yurak-qon tomir xastaliklariga qarshi preparatlar va ilg‘or muolaja usullari tajriba jonivorlarida emas, shu "chip-yurak"da sinab ko‘rilishi ko‘zda tutilgan.
Moslama konstruksiyasi uchun induksiyalangan pluripotent ildiz hujayralari, ya’ni tiklanuvchi to‘qimalardan foydalanilgan. Ularning bir qismi mushak to‘qimalari, qolgan qismi esa qon tomirlarini hosil qiladi.
Jumladan, mushak to‘qimalari xuddi inson yuragi singari bir daqiqa ichida 60 marta urish chastotasida qisqaradi va haftalab to‘xtovsiz ishlay oladi.
Tadqiqotchilar fikricha, mazkur chip hozircha haqiqiy yurak o‘rnini bosa olmasa-da, undan tibbiy amaliyotda "tajriba sichqon"lari sifatida foydalanish samarali.