Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish va  korrupsiya jinoyatiga qarshi kurashish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Respublikamizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida qabul qilingan EKOSOS (BMTning iqtisodiy va ijtimoiy kengashi)ning Korrupsiyaga qarshi kurash rezolyutsiyasi (1995 y.), Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro axloq kodeksi (1996 y.), Xalqaro tijorat tashkilotlarida korruptsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurash haqidagi deklaratsiya (1997 y.), Millatlararo uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konvensiyasi (2000 y.) va boshqa xalqaro hujjatlarning qabul qilingani mazkur illatga qarshi kurashda muhim omil vazifasini o‘tamoqda. Xalqaro hujjatlar ichida BMT Bosh Аssambleyasi tomonidan qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi konvensiya (2003 yil 31 oktyabr) asosiy xalqaro-huquqiy hujjat bo‘lib, u ushbu jinoyatning mohiyatini to‘liq ochib, unga qarshi kurash choralarini belgilab beradi. Barcha mamlakatlar korrupsiya illatini tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilayotgan bo‘lsa-da, unga qarshi kurash har bir davlatning o‘zida olib borilishi muhim ahamiyatga ega. Zero, yuqoridagi Konvensiya milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish yo‘nalishlarini belgilab beradi. O‘zbekiston bu borada qat'iy qadam tashlab bormoqda. Xususan, 1997-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasida korrupsiya mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdidlardan biri, deya e'tirof etildi. Shu maqsadda “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi” qabul qilinib, hayotga tatbiq etildi. Mamlakatimiz 2008-yil 7-iyulda BMTning yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan Konvensiyasiga qo‘shildi. Davlatimiz 2010-yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentyabr) qo‘shilgan. Shuningdek, Oliy Majlis tomonidan Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi to‘g’risidagi bitimi (Moskva, 2011-yil 16-iyun) 2011-yil 13-dekabrda ratifikatsiya qilingan. Davlat organlarida ham tashkiliy jihatdan qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi maxsus tuzilmalar (boshqarma va bo‘limlar) tashkil etilib, qator vazirlik va idoralarda ichki xavfsizlik inspeksiyalari tuzilgan. Ularning faoliyatini yanada jonlantirish, huquqiy targ’ibotini kuchaytirish, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlash maqsadida internet va ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Аytish joizki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g’risida”gi Qonunni qabul qildi. Ushbu Qonun ijrosini ta'minlash yuzasidan Аdliya vazirligi tomonidan bir qator idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar davlat ro‘yhatidan o‘tkazilgan. Bunga lizing xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlarda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari, rieltorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga oid qonun hujjatlari talablarini buzganliklari uchun tijorat banklari, kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlarga nisbatan O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan qo‘llaniladigan choralar va sanktsiyalar to‘g’risida nizomni misol qilib keltirish mumkin.

Аdliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan Konvensiya talablaridan kelib chiqqan holda, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining aksilkorrupsiyaviy ekspertizasini o‘tkazish metodikasi ishlab chiqilgan va 2011-yil 20-oktabrda tasdiqlangan. “O‘zbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirishni yanada takomillashtirish Milliy dasturini tasdiqlash to‘g’risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, hozirda takomiliga yetkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2016-yil 14-oktabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan va 24-noyabrda quyi palata tomonidan qabul qilingan hamda Oliy Majlis Senatining 8-sessiyasida ma'qullangan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida»gi qonun korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni to‘liq qonuniy tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga toqat qilmaslik muhitini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida»gi qonun ushbu jinoyatlarning oldini olish hamda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘siq bo‘layotgan illatlarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Jinoyat ishlari bo'yicha Qashqadaryo viloyati Qamashi tuman sudi raisi Otabek Mustafayev 

Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-