Manfaatlar toʻqnashuviga oid hollarga nisbatan qanday choralar koʻriladi?

Manfaatlar toʻqnashuviga oid hollarga nisbatan qanday choralar koʻriladi?
Manfaatlar toʻqnashuvi hollarini tartibga solish uchun ularning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda quyidagi choralardan biri koʻrilishi kerak:
oʻziga nisbatan manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan rahbarning bevosita boʻysunuvidagi davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimini manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelmaydigan boshqa rahbarning boʻysunuviga oʻtkazish;
davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimini manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kollegial organ tarkibidan ixtiyoriy ravishda oʻzini oʻzi rad etishi orqali yoki majburan chetlashtirish;
davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining lavozim majburiyatlari yoki xizmat vakolatlari doirasini qayta koʻrib chiqish;
davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining davlat organining yoki boshqa tashkilotning manfaatlar toʻqnashuviga olib kelishi mumkin boʻlgan axborotidan va hujjatlaridan foydalanishiga cheklovlar belgilash;
davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yakka tartibda qarorlar qabul qilishga doir vakolatlarini qonunchilikka muvofiq amalga oshirishi ustidan kollegial nazoratni taʼminlash;
davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga oʻzidagi shaxsiy manfaatdorlikni qonunchilikka muvofiq bartaraf etishi toʻgʻrisida takliflar taqdim etish;
xodim tomonidan oʻzi mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organining yoki boshqa tashkilotning manfaatlariga zid boʻlgan shaxsiy manfaatdorligidan voz kechishi;
davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining shaxsiy manfaatdorligini bartaraf etish choralarini koʻrish mumkin boʻlmagan taqdirda, xodimning roziligi asosida uni avvalgi lavozimiga teng boshqa lavozimga oʻtkazish yoki mehnat shartnomasini (kontraktni) umumiy asoslarda bekor qilish.
Manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha choralar davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining roziligi bilan koʻrilishi kerak.
Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar tomonidan manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solishga doir choralarni koʻrish chogʻida biror-bir shaxslarga, guruhlarga yoki tashkilotlarga afzallik, ustunlik berishga yoxud davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning xodimlarini, shuningdek fuqarolarni kamsitishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar oʻz xodimi bilan oʻzaro kelishuvga koʻra, manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish yuzasidan qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa choralarni ham koʻrishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyundagi “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonuni 21-moddasi.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-