“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi
Mamlakatimizda yoshlarni birlashtirish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarishga qaratilgan bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda. Avvalo ular qaysi sohada bo‘lishidan qat’iy nazar, yoshlarga asosiy mayoq, bu - bilim va tarbiya hisoblanadi. Bugun ular har sohada tashabbus ko‘rsatish, o‘z iqtidorini namoyish etish uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochiq, faqatgina ulardan kuch-g‘ayrat va harakat bo‘lsa bas.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida ham bugungi kunda ana shunday shijoatga to‘la yigit-qizlar faoliyat olib bormoqda. Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozim, bugungi kunda Agentlik tizimida 1000 nafarga yaqin 30 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislar faoliyat yuritadi. Tashkilotda yoshlar siyosatiga oid masala dolzarb vazifalardan biri bo‘lib, ma’rifiy-madaniy tadbirlar tashkil etilishi, yosh kadrlarning munosib rag‘batlarnitirishi, turli o‘quv kurslarida ishtirok etishiga ko‘maklashish, xalqaro tashkilotlarda malaka oshirishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Tashkil etilgan rahbar va yoshlar uchrashuvida ham ayni masalalarga alohida to‘xtalib, hududlardan tashrif buyurgan yosh kadrlar, laboratoriya yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan ilmiy xodimlar, karantin inspektorlari bilan ochiq tarzda suhbat olib borildi. Muloqot chog‘ida yosh kadrlarni qiynab kelayotgan muammolar va ularning yechimi muhokama etildi. Shuningdek, yoshlar sohani takomillashtirishga oid takliflarini ilgari surishdi.
Uchrashuv doirasida tizim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish uchun tanlovlar va bellashuvlar o‘tkazish, kibersportni rivojlantirish, “Zakovat” o‘yinlari tashkil etilishini an’anaga aylantirish kabi takliflar bildirildi. O‘z navbatida Agentlik mutasaddilari chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, har bir viloyatda bu kabi yoshlarni birlashishiga turtki bo‘layotgan tadbirlarni muntazam o‘tkazish tarafdori ekanligini va bunday tadbirlar an’anaviy tarzda o‘tkazilishini bildirdi. Tadbir yakunida yoshlar safida o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib, sohaning rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh mutaxassislar taqdirlandi. Ularning orasida O‘simliklar karantini va himoyasi Toshkent shahar boshqarmasi inspektori Jamshid Tursunov ham munosib deb topildi. Bilib, salohiyat, intilish, tinimsiz mehnat, tafakkur, tarbiya-bu insonni ulug‘lovchi eng oliy kuch bo‘lib, har bir sohada insonni yuksak cho‘qqilarni zabt etishga undaydi. Bizni oramizda ana shunday kuchga ega yoshlar hali juda ko‘p.
Marjona Bahodirova
Talaba