Antibiotiklarni qabul qilgandan keyin ichak mikroflorasini qanday tiklash mumkin?

Antibiotiklarni qabul qilgandan keyin ichak mikroflorasini qanday tiklash mumkin?
Antibiotiklar — infeksiyali kasalliklarni davolashda eng samarali vositalardan. Ammo ular faqat zararli bakteriyalarni emas, balki ichakdagi foydali mikroorganizmlarni ham “o‘ldiradi”. Buning oqibatida bemorda diareya, qorin dam bo‘lishi, immunitet zaiflashishi va ichak faoliyati buzilishi bilan bog‘liq boshqa qator jiddiy asoratlar kelib chiqishi mumkin.
Xo‘sh, antibiotiklar qabul qilgandan keyin ichak mikroflorasini tiklash uchun nimalar qilish kerak?
 Ushbu savolga Sog‘liqni saqlash vazirligi Klinik protokollar va standartlarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘limi boshlig‘i Sevara Ubaydullayeva javob berdi. 
— Antibiotiklar kursi tugaganidan keyin rasionga probiotiklar va prebiotiklarga boy mahsulotlarni kiritish kerak, — deydi mutaxassis. Probiotiklar — bu ichakni foydali bakteriyalar bilan to‘ldirishga yordam beruvchi tirik mikroorganizmlar, prebiotiklar esa foydali bakteriyalar uchun ozuqa manbai hisoblanib, ularning ko‘payishiga yordam beradi. 
 Bunday foydali bakteriyalar yogurt, kefir, tuzlangan karam, pishloq, banan, piyoz, sarimsoq kabi mahsulotlarda ko‘p bo‘ladi.  
Ichak mikroflorasini tiklash uchun qayta ishlangan, yarim tayyor mahsulotlar, yog‘li taomlar, shakar, alkogol va kofe iste’molini cheklash tavsiya etiladi. Bundan tashqari, yetarli miqdorda suv ichish, ko‘proq meva-sabzavotlar, butun donli, oqsil, ayniqsa S vitaminiga boy mahsulotlar tanovul qilish muhim. 
 Antibiotik dori vositalarini qabul qilish oqibatida zaiflashgan immunitetni mustahkamlash uchun kamida 7-8 soat uxlash, sport bilan shug‘ullanish, zararli odatlardan voz kechish maqsadga muvofiq.
 Ushbu qoidalarga amal qilgan bemorlarda ichak faoliyati o‘rtacha 1,5-2 oyda to‘liq tiklanadi.  
Agar antibiotiklar kursidan keyingi asoratlar ushbu muddatdan ko‘proq vaqt davomida saqlansa, shifokorga murojaat qiling.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-