O‘zbekistonda tibbiyot talabalari uchun imtihonlar tartibi o‘zgardi
O‘zbekistonda tibbiyot talabalari uchun imtihonlar tartibi o‘zgardi
O‘zbekistonda endi tibbiyot talabalari robot-simulyatorlar yordamida inson omilisiz imtihon topshiradi. Bu haqda SSV axborot xizmati xabar berdi.Unga ko‘ra, tibbiy oliy taʼlimda talabalarning bilim va ko‘nikmalarini baholash, ularning malakali kadr bo‘lib yetishishlarini taʼminlashga qaratilgan qator o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi yangiliklar haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi Ilm-fan va taʼlim boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam Ismoilov maʼlumot berdi.
“2023/2024-o‘quv yilidan boshlab bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura bosqichlari talabalarining nazariy hamda amaliy bilim-ko‘nikmalari inson omilisiz, maxsus robot-simulyatorlar orqali baholanadi”, — deydi O‘ktam Ismoilov.
Prezidentning “Maʼmuriy islohotlar doirasida sog‘liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da tibbiyot oliy taʼlim muassasalari hamda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash muassasalari uchun ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan simulyator uskunalarini xarid qilish vazifasi belgilangan edi. Muassasalarda ushbu uskunalarni o‘rtanish ishlari olib borilmoqda.
Talabalar klinik imtihonlardan o‘ta olsa, shifokor bo‘lib ishlashiga ruxsat beriladi. 2024/2025 o‘quv yilidan barcha davlat va nodavlat tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida ikki bosqichli davlat imtihonlarini o‘tkazish tizimi joriy etiladi.
1-bosqichda talabalar fundamental fanlar bo‘yicha yakuniy davlat imtihonlarini topshirsa, 2-bosqichda klinik fanlarni o‘zlashtirganlik darajasi baholanadi. Dastlabki imtihonni muvaffaqiyatli topshirganlarga kursdan kursga o‘tishga, klinik bilimlarga oid sinovlarda yaxshi natija ko‘rsatganlarning esa amaliyotda shifokor bo‘lib ishlashiga ruxsat etiladi.
Shuningdek, davlat tibbiy oliy taʼlim muassasalarining xirurgiya, kardiologiya, stomatologiya va terapiya kabi qator kafedralariga rivojlangan xususiy ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalarida o‘quv-klinik amaliyot bazasini tashkil etishga ruxsat beriladi. Xususiy tibbiyot muassasalarining klinik ordinaturaga qabul jarayonlari ham davlat muassasalarida bo‘lganidek, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan bir bosqichli test shaklida yiliga 2-marta amalga oshiriladi.