Kadastr xizmati - aholi manfaatlari yo‘lida
Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi va uning tuman filiallari tomonidan aholiga kadastr xizmatlarini ko‘rsatish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
- Joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi 535-sonli qarori bilan tasdiqlangan reglamentga asosan tuman aholisidan ko‘chmas mulk ob’yektlariga kadastr pasportini shakllantirish yuzasidan jami 6 893 ta ariza kelib tushgan, - deydi Boshqarmaning Mirzo Ulug‘bek tumani filiali boshlig‘i Bobir Kuleshov.
Shundan, ijobiy hal etilgan arizalar soni 6 504 tani tashkil etgan. Ya’ni 3 371 ta yakka tartibdagi turar joyga, 1 789 ta ko‘p qavatli uylardagi xonadonga, 1 344 ta noturar joy obyektiga kadastr pasportlari shakllantirib berilgan.
Ayni yo‘nalishdagi murojaatlarning 322 tasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatilgan kamchiliklar mavjudligi uchun rad etilgan bo‘lsa, 67 ta ariza to‘lov jarayonida turibdi.
Ma’lumki, ko‘chmas mulk ob’yektiga bo‘lgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelganda, boshqa shaxsga o‘tganda, bekor bo‘lganda yoki ko‘chmas mulk ob’yektining huquqiy holati o‘zgarganligini tasdiqlash yoki qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha murojaat qilinganda, ariza beruvchining ixtiyoriga ko‘ra qog‘oz yoki plastik shakldagi kadastr pasporti beriladi.
Bunda qog‘oz shaklidagi kadastr pasporti Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali, plastik shakldagi kadastr pasporti faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi.
Ko‘chmas mulk obyektlarining turar joyga oid qismi bo‘yicha:
ko‘p kvartirali uydagi kvartira uchun 3 ish kunigacha, yakka tartibdagi turar joy uchun 5 ish kunigacha kadastr pasporti shakllantirib beriladi.
Kadastr yig‘majildi shakllantirilgandan so‘ng kadastr pasportini berish uchun to‘lov miqdori qiymati ko‘rsatilgan xabarnoma (invoys) Davlat xizmatlari markaziga yoki ariza beruvchiga elektron shaklda yuboriladi.
Ariza beruvchi xabarnomani olgandan so‘ng 1 oy mobaynida to‘lov qiymatini to‘laydi.
Quyidagi hollarda kadastr pasportini rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi:
ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘yicha birlamchi kadastr yig‘majildi (pasport) mavjud bo‘lib, begonalashtirilganda yoki ob’yektda o‘zgarishlar (rekonstruksiya, qo‘shimcha va alohida qurilish) mavjud bo‘lmaganda;
ko‘chmas mulk obyektining bir qismi begonalashtirilganda ob’yektning qolgan qismiga yoki rekonstruksiyasiz toifasi o‘zgarganda;
kadastr yig‘majildi (pasporti) yo‘qolganda (yaroqsiz holga kelganda).
Ushbu hollarda kadastr pasporti 3 ish kuni mobaynida rasmiylashtiriladi.