Toshkentda elektrobus va avtobus to‘qnashib ketdi
Toshkent shahar Yunusobod tumanida Yutong rusumli elektrobus va King Long rusumli avtobus ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi. “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat 25-noyabr kuni soat 13:10 larda, Yunusobod tumani, A.Temur ko‘chasi Shahriston metro bekatida sodir bo‘lgan. “8-Avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi Yutong rusumli 51-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan haydovchi A.J. boshqaruvidagi elektrobus hamda “4-Avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi King Long rusumli 2M-sonli haydovchi R.A boshqaruvidagi avtobus to‘qnashgan.
Dastabki ma’lumotga ko‘ra, avtobus yo‘lovchilari orasida ushbu yo‘l-transport hodisasi natijasida tan jarohati olganligi haqida shifoxonaga murojaat qilganlar yo‘q. Yutong rusumli elektrobus va King Long rusumli avtobus texnik shikastlangan.
Shuningdek, “Toshshahartransxizmat”AJ rahbariyati hamda “Idoralararo tezkor shtab” ishchi guruhi mas’ul xodimlari hodisa sodir bo‘lgan joyga chiqib, yo‘l-transport hodisasining kelib chiqish sabablari o‘rganildi hamda yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari boshchiligida hodisa yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi.
Hozirda ushbu yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.