Toshkentda mol-mulk solig‘i 3 mln, viloyat markazlarida esa 2 mln so‘m etib belgilanmoqda

Toshkentda mol-mulk solig‘i 3 mln, viloyat markazlarida esa 2 mln so‘m etib belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi, deb xabar beradi O‘zA.
Qonun loyihasida soliq solish bazasini kengaytirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish, inflyatsiya darajasidan kelib chiqib aksiz solig‘i va resurs soliqlarini indeksatsiya qilish belgilanmoqda. Jumladan, 2024-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatayotgan xorijiy yakka tartibdagi tadbirkorlarni qo‘shilgan qiymat solig‘iga tortish, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i bazasini aniqlashdagi 1 kvadrat uchun o‘rnatilgan minimal qiymat o‘rnatish tartibini jismoniy shaxslarning noturar obyektlari uchun ham qo‘llash amaliyoti joriy etiladi.
Shuningdek, 2024-yil 1-apreldan boshlab tarkibida shakar yoki boshqa shirinlantiruvchi va (yoki) hushbo‘ylashtiruvchi moddalar qo‘shimchalari bo‘lgan mineral va gazlangan ichimliklarga 1 litr uchun 500 so‘m, shuningdek, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarga 1 litr uchun 2 000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etilmoqda. 2024-yil 1-yanvardan filtrlangan va filtrsiz sigaretalar hamda boshqa tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 12 foizga indeksatsiya qilinmoqda.
Bundan tashqari, 2024-yil 1-yanvardan mol-mulk solig‘i asosiy stavkasi, yaʼni 1,5 foiz saqlab qolingan holda soliq bazasini hisoblashda 1 kvadrat uchun o‘rnatilgan minimal qiymat Toshkent shahrida 3 million, Nukus shahri va viloyat markazlarida 2 million so‘m, boshqa shahar va qishloqlar uchun 1,2 million so‘m etib belgilanmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan resurs soliqlarining o‘z vaqtida to‘lanishini taʼminlash maqsadida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti, uyali telefon raqamiga va soliq organlarining maxsus mobil ilovasiga SMS-xabarnoma shaklida soliqni to‘lash to‘g‘risida xabarnoma yuborish tartibi kiritilmoqda. Maʼlumot uchun, amalda xabarnoma soliq to‘lovchilarga faqat imzo qo‘ydirilgan holda yoki pochta orqali berilar edi.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-