Yurtimizda ish stajiga harbiy xizmat va talabalik davri qo‘shib hisoblanadimi?
Harbiy xizmat va oliy taʼlim muassasasidagi o‘qish davrlari pensiya hisoblashda ish stajiga qo‘shiladi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi eslatib o‘tdi.
Maʼlum qilinishicha, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti to‘g‘risida”gi qonunning 37-modda “b” va “e” bandlarida pensiya olish huquqini beradigan ish stajiga quyidagilar qo‘shib hisoblanadi:
harbiy xizmat (safarbarlik chaqirig‘i rezervidagi harbiy xizmat) va partizanlar otryadlari va qo‘shilmalarida bo‘lish, davlat xavfsizligi organlaridagi va ichki ishlar organlari hamda Milliy gvardiyadagi xizmat;
oliy taʼlim tashkilotlarida, aspiranturada, doktoranturada, klinik ordinaturada hamda chet elda o‘qish.
Qonunchilikka ko‘ra, pensiya tayinlashda ish haqi va ish staji asosiy ahamiyatga ega. Xususan, ish haqini hisoblash uchun fuqaro mehnat faoliyatini to‘xtatgan davrigacha bo‘lgan oxirgi 10 yillikdan 5 yillik oylik maoshi inobatga olinadi.
Shuningdek, erkaklar 60 yoshga kirib, ish staji 25 yil bo‘lganda, ayollar 55 yoshdan ish staji 20 yilga yetganda yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.
Pensiya tayinlanishi uchun fuqaroning ijtimoiy sug‘urtalangan holda bajargan ish stajlari kamida 7 yil bo‘lishi kerak. Agar undan kam bo‘lsa, pensiya tayinlash rad etiladi.