Parkentda ayiq ozuqa izlab aholi yashaydigan hududga keldi
Parkentda ayiq ozuqa izlab aholi yashaydigan hududga keldi
Toshkent viloyati Parkent tumanida ayiq ozuqa izlab aholi yashaydigan hududga keldi. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.Maʼlum qilinishicha, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Parkent tumani bo‘limiga 21-sentyabr kuni soat 09:30 larda Parkent tumanining tog‘li qishloqlaridan biri bo‘lgan “So‘qoq” qishlog‘ining “Tosar” hududidagi “So‘qoq Laziz Soli” fermer xo‘jaligi yer maydonlariga 20-sentyabr kuni tunda Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i kelib qolgani haqida murojaat kelib tushdi.
2023-yilda qish fasli sovuqroq kelgani sababli tog‘li hududlardagi ayrim mevali daraxt va butalarni sovuq urib, hosil juda kamayib ketgan. Natijada ayiq ozuqa izlab, aholi yashash punktiga tushib kelgan va fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 14 bosh qo‘ydan 2 tasini olib ketgan. Bir bosh qo‘y yarador qilingan.
Murojaatga asosan Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Parkent tumani bo‘limi xodimlari va Wildlife zopitomnigi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga borib, holatni o‘rgandi. O‘rganish natijasida “So‘qoq Laziz Soli” fermer xo‘jaligi yer maydonida qo‘ylarga mo‘ljallangan qo‘ra yog‘ochlari singani maʼlum bo‘ldi.
Ushbu hududda dala shiyponlarida yashovchi 4 ta oila 30 dan ortiq qora mol, qo‘y va echkilari bilan birga o‘zlarining yashash xonadonlariga ko‘chirib yuborildi.
21-sentyabrdan boshlab ayiq tushib kelgan hudud Parkent tumani Ekologiya bo‘limi, Wildlife MCHJ xodimlari hamda Parkent tumani IIB nozirlari tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda. Hozircha hech qanday ayiq yoki boshqa yovvoyi hayvonlar kuzatilmadi.