1-apreldan gazlangan yoki energetik ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etiladi
O‘zbekistonda 2024-yil 1-apreldan gazlangan yoki energetik ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etiladi.
Bu haqda “Soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilingani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, tarkibida shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylashtiruvchi moddalar bo‘lgan, gazlangan hamda iste’mol qadog‘iga qadoqlangan ichimliklarning (energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklar bundan mustasno) 1 litri uchun 500 so‘m, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarning 1 litri uchun 2 000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i belgilanadi.
2023-yilning noyabr oyida hukumatning tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar uchun aksiz solig‘ini joriy etish rejalari juda ko‘pchilik tadbirkorlarning hayratiga sabab bo‘lgandi. O‘zbekiston Alkogolsiz ichimliklar va sharbat ishlab chiqaruvchilar uyushmasi ijrochi direktori, xalqaro munosabatlar va Yevropa tadqiqotlari fanlari magistri Alfiya Musina bu holat qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida so‘zlab bergandi.
Dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Senat yapli majlisida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov bunday ichimliklar uchun soliq solinishi sog‘lom turmush tarzi va tabiatni asrashni targ‘ib qilish maqsadida joriy etilishini aytgandi.