Yurtimizda necha turdagi yuqumli kasalliklar qarshi profilaktik emlash tadbirlari o‘tkaziladi?
Aholini boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash ushbu xastaliklarni kamaytirish, infeksiya o‘choqlarini jilovlash va bartaraf etishda asosiy vosita hisoblanadi.
Shu sababli yurtimizda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan.
— Ayni paytda yurtimizda 13 turdagi yuqumli kasalliklar — gepatit V, sil, poliomiyelit, rotavirus infeksiya, bo‘g‘ma, qoqshol, ko‘kyo‘tal, Xib infeksiya, qizamiq, epidparotit, qizilcha, pnevmokokk infeksiya, VPCH-odam papillomaga qarshi rejali vaksinatsiya tadbirlari o‘tkaziladi, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Dilorom Tursunova.
— Profilaktik emlashlar uchun 3 ming 138 ta emlash punkti ajratilgan.
Muhimi, so‘nggi yillarda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlashlar bilan qamrab olish darajasi 95-98 foizni tashkil etyapti. Mamlakatimizda 2003 yildan buyon emlashdan so‘ng nojo‘ya holatlar ro‘yxatga olingani yo‘q.
Muhimi, immunizatsiya tadbirlarining muntazam va samarali olib borilishi natijasida 1996 yildan buyon yurtimizda yovvoyi polioviruslar keltirib chiqaradigan poliomiyelit kasalligi tugatildi va O‘zbekiston 2002 yilda “Poliomiyelitdan xoli hudud”, 2017 yilda esa “Qizamiq va qizilchaning 36 oylik eliminatsiyasiga erishgan hudud” nomli xalqaro sertifikatlarni olishga muvaffaq bo‘ldi.