Koʻchmas mulkingizni o‘z vaqtida davlat ro‘yxatidan o‘tkazing, aks holda …
Koʻchmas mulkingizni o‘z vaqtida davlat ro‘yxatidan o‘tkazing, aks holda …
Inson hayoti davomida ko‘char va ko‘chmas mulklar bilan bog‘liq turli bitimlarga duch keladi.
Oʻzbekiston Respublikasining "Davlat kadastrlari toʻgʻrisida"gi Qonunining 13-moddasiga ko‘ra, Koʻchmas mulk hisoblangan kadastr obyektlariga boʻlgan huquqlar qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.Xo‘sh, ko‘chmas mulk obyektlari deganda nimalar nazarda tutiladi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1060-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 5-bandiga asosan, koʻchmas mulk obyektlariga yer uchastkalari, binolar va inshootlar (shu jumladan yer osti inshootlari) va koʻp yillik dov-daraxtlar kirishi belgilangan.
Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqi ushbu huquqlar mazkur Nizomga muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin kuchga kiradi.
Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan amalga oshirilgan ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Mazkur Nizomning 11-bandida ko‘chmas mulk obyektining huquqiy holati o‘zgargan kundan boshlab bir oy muddatda o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish lozimligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi Kodeksning 68 prim 1-moddasiga asosan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organga yer uchastkasiga, bino va inshootga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari, mansabdor shaxslarga esa – o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi qayd etilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, hurmatli fuqarolarimizdan ko‘chmas mulk bilan bog‘liq barcha bitimlarni belgilangan tartibda o‘z vaqtida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishlarini so‘rab qolamiz.
Bahromjon Abdumalikov
Davlat kadastrlari palatasining Toshkent shahar boshqarmasi Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻlimi boshligʻi