“Dolzarb 30 kunlik” nazorat tadbirlari davom etmoqda
So‘ngi yillarda yurtimizdagi mavjud bog‘dorchilik, dehqonchilik xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqa, issiqxonalar va boshqa maydonlarni turli zararkunandalardan himoya qilish, yashil hududlar barpo etish bo‘yicha bir qator hayrli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ma’lmot uchun, Toshkent shahrining umumiy maydoni jami 35 784 gektardan ortiq bo‘lib, shundan 6 833 gektari ko‘klamzor yerlar, 237,65 gektari istirohot bog‘lar va 417 gektari mevali bog‘lar hisoblanadi. Hech kimga sir emas, yashil maydonlar shaharda qulay ekologik muhitni shakllantirishda asosiy omillardan biri. Shuning uchun ham atmosferani toza saqlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga aytish mumkin, so‘ngi yillarda sohaga ilm-fan yangiliklari, xalqaro amaliyot va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi va geografiyasini yanada kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. 

Ayni kunlarda Toshkent shahar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan Poytaxtimizning 12 ta tumanlariga biriktirilgan karantin inspektorlari “Dolzarb 30 kunlik ”nazorat tadbirlari olib bormoqda. Tadbirlar doirasida mamlakatimiz hududlarida mavjud mevali bog‘larda uchraydigan “Sharq mevaxo‘ri” hamda poliz ekinlariga jiddiy zarar yetkazib, mavsumda hosildorlikni keskin kamayishi va eksport salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan “Qovun pashshasi”, madaniy o‘simliklarni o‘sishi, rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazib kelayotgan “Zarpechak”, “Sudraluvchi kakra” kabi begona o‘tlarga qarshi ommaviy kurash tadbirlari olib borilyapti. Tashkil etilayotgan nazorat tadbirlari davomida zararli organizmlar mavjudligi shubhaga olingan o‘simliklardan namunalar olinib, sayyor laboratoriyalar yordamida tekshirilmoqda. Monitoring davomida karantin ostidagi mahsulotlarda zararkunandalar aniqlansa, belgilangan tartibda zararsizlantirish (fumigatsiya) ishlari tashkil etilayapti.
Ma’lumot uchun mamlakatimiz bo‘ylab “Dolzarb 30 kunlik” tadbirlari joriy yilning 7-avgustiga qadar davom etadi.