Takror jinoyat sodir etganlar qismati

Takror jinoyat sodir etganlar qismati
Psixologlarning fikricha, ilk bor jinoyat sodir qilgan aksariyat xotin-qizlar “qo‘lga olinganida”  emosiyaga beriladi, yig‘laydi, sud zalida  huda-behuda uzr so‘raydi. Ammo ikkinchi bor jinoyat sodir qilgan ayollar esa...  Keling, yaxshisi, ular bilan bo‘lgan suhbatimizni e’tiboringizga havola etaman. 
Bir aylantirganni “chir aylantiradimi?” 
– Omadsizlik menga mahkam yopishib olganga o‘xshardi, – deydi biz bilan suhbatda olmaliqlik Dilya (ismlar o‘zgartirilgan) ismli ayol. 1988 yilda tug‘ilganman. Olmaliq shahridagi nufuzli zavodda operator bo‘lib ishlardim. Avvaliga hammasi yaxshi edi, lekin to‘satdan hayotim ostin-ustun bo‘lib ketdi. (ko‘zlarini suhbatdoshidan olib qochdi u.) Bir tanishim men ishlayotgan zavodga ishga kirayotganini aytib, zavoddagi bo‘lim rahbariga kelishilgan pulni berib qo‘yishimni iltimos qildi. O‘sha pulni berayotganimda huquq-tartibot organi xodimlari meni qo‘lga oldi. Pora oldi-berdisida vositachi sifatida ayblandim, menga jinoiy ish ochildi va 3 yilga ozodligim cheklandi. 
“Yonimda onamdan boshqa hech kim qolmadi...” 
– Yoshim o‘ttiz yettiga chiqsa-da, baxtim ochilmadi, turmushga chiqmaganman. Ko‘p qavatli uydagi xonadonda ota-onam, ukam va uning oilasi bilan birga yashaymiz. Shu ishdan keyin urchigan har xil g‘iybat gaplar, ta’na-dashnomlardan tushkunlikka tushib qoldim. O‘sha paytlarda yaqinlarim menga dalda bo‘lish o‘rniga qilgan xatoyim uchun meni  tahqirlay boshladi, hattoki otam ham “Uydan chiqib ket, aravangni o‘zing tort”, deya meni haydadi, shukrki, onam ketishimga yo‘l qo‘ymadi.  Tasavvur qiling, na uyim, na farzandlarim, na sirdoshim bor. Yashashning qizig‘i qoladimi? Ishga boraman, lekin ishda ham hech kim bilan gaplashmasdim, uyga kelganimda ham meni tinglaydigan inson yo‘q edi. Faqat onamning  menga nisbatan munosabati o‘zgarmadi, ammo onaga hamma gapingizni  aytolmaysiz. (taxminan ikki daqiqa sukut saqladi.)
“Kambag‘alni tuyaning ustida it qoparkan”
–  Qora kunlarning birida yana jinoyat to‘riga ilinib qoldim. Ikkinchi marta menga firibgarlik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va 4 yilga "kesildim". Bu safar panjara ortini ko‘rdim, lekin ko‘zimdan bir tomchi yosh chiqmadi. (Hayratini qo‘l harakatlari bilan ifoda etdi) Ilk bor jinoyat ko‘chasiga kirganimda, yig‘i-sig‘i qilib, aza tutgan edim. Bu safar qaddimni tik tutdim, anchagina qahrim qattiqlashibdi. Panjara ortida 3 yil "o‘tirganimdan" so‘ng, meni probatsiya ro‘yxatiga olishib, ochiqqa chiqarishdi. Ayni damda ham ozodligim cheklangan, uyim yaqinidagi xususiy firmada ishlayman. Maoshi qoniqtirmasa-da, tirikchilikka yetib turibdi. Hozir  ham yonimda onamdan boshqa hech kim yo‘q. Yaqinlarim menga begonaday munosabatda bo‘lishadi, ulardan ko‘nglim qolgan. Ustiga-ustak, salomatligim ham yaxshi emas, shifokor tezlik bilan davolanishim zarurligini aytyapti. 
“Eskicha qarashlar va fikrlar –  millatimizning nuqsoni” 
Stereotip tushunchasi  –  menga tanish. Jamiyatimizda vaqtida turmushga chiqmagan  qizlarni "qariqiz" deyishadi. Bu so‘zni yuzimga aytishmaydi, atrofimdagilarning pichingidan sezaman, ko‘nglim og‘riydi. Afsuski, peshonamda bor ekan, panjara ortida "o‘tirib" chiqdim. Hozir hech kimning "qariqiz" ekanim bilan ishi bo‘lmay qolgan (kuladi). Ayrimlarning nazdida men "qamalib chiqqan jinoyatchiman"."Ochiqqa" chiqqanimdan so‘ng ikki tanishim bilan tortishib qoldim va ikkisi ham  "qamalib chiqqansan, jinoyatchi degan noming bor, biz bilan bahslashish senga emas", deya o‘tmishimni yuzimga soldi. O‘zimni bosdim. Chunki boshqa xato qilishga haqqim yo‘q, qolaversa, jazoni hali to‘liq o‘tab bo‘lmadim. 
“Baxtli ayol jinoyat qilmaydi...”

Yoshim ham qirqqa qarab ketyapti. Ikki marta jinoyat qilib, anglagan falsafam shu bo‘ldi: baxtli ayol hech qachon jinoyatga qo‘l urmaydi, uning bunga vaqti ham bo‘lmaydi. Jamiyatda men kabi takror jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan ayollarga aytar so‘zim: odamlar fikri bilan yashashmasin. Odamlar nima desa-desin, mehnat qilishdan,  harakatdan to‘xtamasin. To‘g‘ri yo‘ldan adashmasa – atrofidagilarning salbiy fikrlari albatta  o‘zgaradi, – dedi u.

“Farzandim qamoqdan qutqardi” 
– Bir nafar farzandim bor, oilaliman. Qo‘shni davlatda ishlardik, 2021 yilda turmush o‘rtog‘im bilan O‘zbekistonga qaytdik. – deydi so‘nggi 3 yilda 2 marta jinoyat sodir qilgan ohangaronlik Zebo ismli ayol. – Shu orada tanishimning dugonasini Rossiya davlatiga ishlash uchun olib ketmoqchi bo‘ldim, ammo yo‘lda "odam savdosi" degan ayblov bilan qo‘lga olindim, 3 yoshga to‘lmagan farzandim borligi uchun sudda menga yengillik berishdi, 3 yilga ozodlikni cheklash jazosini oldim. Shundan so‘ng hayotim ostin-ustun bo‘lib ketdi. Turmush o‘rtog‘im shu bahona mendan yuz o‘girdi, hattoki ota-onam va tug‘ishganlarimning ham menga nisbatan munosabati o‘zgardi. (yig‘ladi, yuzlarini yashirib oldi) Yonimda birorta do‘stim qolmadi. O‘sha paytlarda qo‘shni ayollar bilan tanishib qoldim, bora-bora ularga ipsiz bog‘landim. Chunki yaqinlarim bermagan e’tibor va mehrni ular berishardi. Ijaraga olgan uyimga tez-tez kelishardi, ba’zida yonlarida erkak do‘stlari ham bo‘lardi. Yo‘qotadigan hech narsam yo‘q edi, odamlarning gap-so‘zidan ortiq cho‘chimasdim, balki yoshlik qilgandirman. (yerga qarab, bir muddat sukut saqladi) 2024 yilning bahorida men fohishaxona tashkil qilishda ayblandim, menga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hayot menga ikkinchi bor imkon berdi, sudga homiladorligim to‘g‘risidagi tibbiy qog‘ozni taqdim qilganimdan so‘ng, 4 yilga “ozodlikni cheklash” jazosini oldim, panjara ortiga ketishdan ikkinchi marotaba ham qutilib qoldim. Hozirgi kunda probatsiya ro‘yxatida turaman. IIB xodimlari tez-tez xabar olib, meni tekshirib turishadi.   
“Jazoyimni tinchgina o‘tab olsam deyman” 
Uyimiz yaqinidagi oshxonada ofisiant bo‘lib ishlayman, ish vaqtim ertalab 8:00 dan 17:00 ga qadar. Ishim orasida sartaroshlik kasbini egallayapman. Har kuni 1 soat tushlik vaqtida kasb-hunar kollejidagi o‘quv kursiga qatnayapman. Oylik to‘lovlarini davlat qoplab beryapti. Hozirgi kunda odamlarning gap-so‘ziga e’tibor berishga vaqtim yo‘q. Ozodlikni cheklash jazosini tinchgina o‘tab olsam, biror kasbning boshidan tutsam, deyman. Men ikki marta jinoyat qildim, bundan yetarlicha xulosam bor. Qilgan xatolarim taqdirimga yomon ta’sir qildi, ikkinchi bor turmushga chiqdim, hali tug‘ilmagan farzandimdan ayrildim. Yaqinlarim bilan o‘rtamizga sovuqchilik tushdi, do‘stlarimdan ko‘nglim qoldi, hech kimga ishonmaslikni o‘rgandim. Probatsiya ro‘yxatida turganim uchun o‘zimni to‘la erkin va baxtli his qilolmayman. Dildan quvongan paytimda "jinoyatchi" ekanim yodimga tushadi, ko‘nglim behuzur bo‘ladi. Odamlar jinoyat qildi deb, sizdan istagan payt voz kechib ketarkan. Men jinoyat ko‘chasiga kirib, butunlay boshqa odamga aylandim, ko‘zim ochildi. O‘zimni tezroq moliyaviy qo‘lga olsam, deyman. Hozir menga bundan boshqa narsa kerak emas, – kabi so‘zlarni aytib, ko‘zlarini bir qo‘li bilan yopib oldi u.    
Olmaliq shahrida yashovchi Dilya ismli ayolning onasi bilan uchrashdik.  
“Peshonasida bor ekan-da, birgalikda ko‘rdik” 
– Qizim avvallari juda shaddod edi, ketma-ket boshiga tushgan ishlar uni ancha tarbiyaladi. Jinoyat ko‘chasiga kirganida mening ham, otasining ham jahli chiqdi. Axir qarindosh-urug‘, qo‘shnilar oldida boshimiz egildi, quda-andalarimizdan uyaldik. Ota-onaga bundan ortiq jazo bo‘lmasa kerak. Peshonasida shu kunlar bor ekan-da, birga ko‘rdik. Ming shukrki, hozir u bag‘rimizda, ishga borib-kelib yuribdi. Men unga ko‘p tanbeh bermayman, bolaligida ko‘p kasal bo‘lgan, yo‘qotishdan qo‘rqib katta qilganman, qolaversa, ko‘ngli yarim, hali turmush qurmagan. Agar ko‘chada kimdir uning o‘tmishini yuziga solsa, men chidab turolmayman. O‘sha odamning boshiga sen ko‘rgan kunlar tushsin, deb ranjiyman. Tipratikon ham bolasini yumshog‘im deydiku, qizim, – deya mayus tortdi va biz bilan xayrlashdi u.  
“Jinoyatchi bo‘lishni hech kim orzu qilmaydi” 
Suhbatimizni Ohangaron shahar IIB JXH probatsiya guruhi katta inspektori Nodir Pardaboyev bilan davom ettirdik:  
– Hozirgi vaqtda shahrimizda probatsiya bo‘limida ro‘yxatda turuvchi 19 nafar xotin-qiz bor, ularning 4 nafari takror jinoyat sodir qilgan. Probatsiya ro‘yxatida turuvchi 7 nafar ayolni doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirdik, 5 nafarini kasbga o‘qityapmiz, 3 nafari bola parvarishlash ta’tilida, qolganlari ishlashni va kasbga o‘qishni istamadi.
Hech bir inson jinoyatchi bo‘lishni orzu qilmaydi, shuni inobatga olib, ro‘yxatimizda turuvchilar bilan do‘stona suhbatlashishga harakat qilamiz. Quvonarli holat shundaki, ro‘yxatimizda turuvchi xotin-qizlarning asosiy qismi belgilangan muddatda to‘g‘ri yo‘lga qaytishadi, tartib-intizomni buzmaydi. Ro‘yxatda turuvchi xotin-qizlarning asosiy qismini kasb-hunari yo‘q va moliyaviy qiyinchilikdagi ayollar tashkil qiladi. Aynan shuning uchun ham, ularni kasbga o‘qitishga harakat qilamiz, kuniga bir soatdan hunar o‘rgansa, 2-3 oyda kasb-korli bo‘lishi hech gapmas. Ro‘ytimizdagi ayollar bilan suhbatlashsangiz, ularning katta-katta reja, orzulari borligini his qilasiz. Hech birining xayolida jinoyat sodir qilib, panjara ortiga ketish fikri bo‘lmaydi. Ammo noto‘g‘ri qo‘yilgan qadam, atrofidagi nosog‘lom muhit va yomon xulq-atvori ularni bu ko‘chaga boshlab kiradi. Probatsiya ro‘yxatida turuvchi xotin-qizlar bizdan huquqiy maslahatlar, ijtimoiy masalalarda yordamlar so‘rashadi. Qo‘ldan kelgancha ularga yordam va maslahatlar beramiz. – deya fikr bildirdi soha mas’uli. 
XULOSA O‘RNIDA: 
 Inson har qanday holatida – azizligicha qoladi. Biroq bu – jinoyat sodir qilishi mumkin, degani emas. Takror jinoyat sodir qilgan xotin-qizlarni o‘tmishdagi “qilmishi uchun” pushaymon qilish, jamiyatda normal hayot kechirishini cheklash, peshonasiga ko‘rinmas tamg‘a yopishtirish va bu orqali  panjara ortini sog‘intirish  – juda oson. Biroq, ularga o‘tmishdagi  xatosini  ijobiy munosabatimiz orqali anglatish, jamiyatda urchigan eskicha stereotiplardan voz kechish va ularning to‘g‘ri yo‘lga qaytishi uchun birgalikda kurashish, biroz bag‘rikeng bo‘lish – qiyinroq tuyilishi mumkin. Lekin mana shu qiyin yo‘lni tanlasak, yo‘lidan adashganlarning to‘g‘ri yo‘lga qaytishiga, yanada xavfsiz va farovon jamiyat shakllanishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. 

Shoira To‘laganova 
Jurnalist.



Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-