Buxoroda qizilo‘ngach o‘smasi disseksiyaga doir murakkab murakkab endoskopik amaliyot muvaffaqiyatli bajarildi

Buxoroda qizilo‘ngach o‘smasi disseksiyaga doir murakkab murakkab endoskopik amaliyot muvaffaqiyatli bajarildi
Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida qizilo‘ngach o‘sma kasalligi asorati—qon ketishi va obstruksiyasida “endoskopik” usulda qizilo‘ngach shilliq va shilliq osti o‘smasini disseksiya qilish bo‘yicha kam invaziv murakkab jarrohlik amaliyoti bajarildi.
Tibbiyot statistikasiga ko‘ra, so‘nggi yillarda 18–21 foiz hollarda qizilo‘ngach va oshqozon-ichak o‘sma kasalliklari aholi o‘rtasida, ayniqsa, 50 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan erkak va ayollarda ko‘p uchramoqda. Buning natijasida bemorlarning umumiy ahvoli og‘irlashib, intoksikatsiya belgilari kuchayishi, oziq-ovqat mahsulotlarining oshqozonga o‘tishi qiyinlashib, me’da-ichak tizimi faoliyati buzilishiga olib kelmoqda. Hozirda bunday bemorlarga kam invaziv endoskopik amaliyot usullarini qo‘llash qator rivojlangan xorijiy davlatlarda amalga oshirilmoqda.Tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholiga malakali, sifatli va samarali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun keng imkoniyatlar yaratib berilgani, tibbiyot tizimiga qaratilayotgan katta e’tibor tufayli RSHTYOIM Buxoro filialida ham kam invaziv endoskopik amaliyotlari amaliyotga keng joriy etilmoqda.
Filialda endoskopik amaliyotlarni rivojlantirish maqsadida Janubiy Koreyaning “Song Shim” klinikasi endoskopiya markazi professori Kim Yon, yaponiyalik professor Ken Oxata, “ELSA” endoskopistlar assosiatsiyasi professori Filip Cho, Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi Pavlov nomidagi tibbiyot instituti professori A. Smirnov, Toshkent shahridagi akademik Vohidov nomidagi jarrohlik markazi professori J. Jumaniyazov, respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh endoskopist mutaxassisi M. Hoshimovlar bilan o‘zaro kasbiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Kuni kecha 1956 yilda tug‘ilgan bemor ovqat mahsulotlarining o‘tmasligi, suvni qiyin yutishi, ko‘ngil aynishi, qon qusishi, axlatning qora rangda kelishi, bosh aylanishi va umumiy holsizlik kabi shikoyatlar bilan filial qabul bo‘limiga murojaat qildi.

Anamnezidan ma’lum bo‘lishicha, bemor qizilo‘ngachning o‘rta uchligi o‘sma kasalligi bilan bir necha marta davolangan. So‘nggi yillarda turli tibbiyot muassasalarida muntazam davolanganiga qaramay, ijobiy natija kuzatilmagan. Filial mutaxassislari tomonidan bemor to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilib, unga “qizilo‘ngach o‘rta uchligi o‘smasi, qizilo‘ngach bo‘shlig‘iga o‘sishi bilan asoratlangan, qon ketishi (FIB)” tashxisi qo‘yildi.
Bemorda respublikada ilk bor mustaqil ravishda “ELSA” endoskopistlar assosiatsiyasi a’zosi, filial bosh endoskopisti A. Haydarov, Z. Bafoyev, U. Abidov, U. Ro‘ziyevlar tomonidan qizilo‘ngach o‘smasini shilliq va shilliq osti disseksiya qilish bo‘yicha kam invaziv murakkab endoskopik amaliyot bajarildi.
Operatsiya jarayoni xorijiy hamkor endoskopist mutaxassislar tomonidan telemedisina orqali kuzatib borildi. Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi va bemorning hozirgi ahvoli ijobiy bo‘lib, me’yoriy ovqatlanish va me’da-ichak tizimi faoliyati tiklanmoqda.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-