O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy va imoratlar ayovsiz buziladi

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy va imoratlar ayovsiz buziladi
Ma’lumki, yerdan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazorati Kadastr agentligi tomonidan amalga oshiriladi. 
Agentlikning Toshkent shahar boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari xodimlari yer to‘g‘risidagi qonunlar ijrosi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish, yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rib kelmoqda. 
Kadastr agentligi direktori tomonidan Respublika hududlarida yer va kadastr nazorati tadbirlarini yanada kuchaytirish maqsadida “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.  
Endilikda dronlar yordamida nazorat tadbirlari olib borilib, O‘zbekkosmos agentligi tomonidan taqdim etilgan kosmik suratlarni taqqoslash orqali qonunbuzarliklar aniqlanadi. 
Agentlikning Toshkent shahar boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarida “Dolzarb 40 kunlik” doirasida Yer nazorati ishlarini faollashtirish, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni aniqlash va qonun buzilish holatlariga nisbatan keskin choralarni ko‘rish uchun doimiy Ishchi guruhlari tuzilib, o‘z ish faoliyatini boshladi. 
Mazkur jarayonda yer nazoratchi inspektorlar tomonidan aniqlangan holatlar joyiga chiqqan holda maxsus planshetlar yordamida “Ye-yer nazorat” axborot tizimiga kiritiladi va onlayn nazorat qilinadi. 
Jinoyat alomatlari bor holatlar, ya’ni sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash va unda noqonuniy qurilish qilish holatlari Prokuratura organlariga yuborilmoqda. 
Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari raisligida 2023-yil 27-oktyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda respublikada 2 million 400 mingdan ortiq xonadonning egalik hujjati yo‘qligi, ularning kadastr hujjati qilinsa, odamlarga huquqiy, iqtisodiy zamin bo‘lishi ta’kidlanib, hujjatsiz uy-joylarga egalik huquqini berish bo‘yicha qonun loyihasini yakuniga yetkazish vazifasi qo‘yilgan edi. 
Bugungi kunda ko‘plab yurtdoshlarimiz Oliy Majlis qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Senatiga yuborilgan “Noqonuniy o‘zlashtirib olingan hamda mazkur yerlarga o‘zboshimchalik bilan qurib olingan ob’yektlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish” to‘g‘risidagi qonunni kutishayotgani sir emas. 
Hujjati yo‘q uylarga kadastr hujjatlarini qilib berish boshlanishi haqidagi xabarlar tarqalganidan keyin ayrim “uddaburonlar” tezkorlik bilan imorat qurib olib, “bu uyni 5-10 yil oldin qurganman deb iddao qilsam hujjatlashtirib olaman” deb o‘ylashi natijasida hududlarda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab, qurilish qilayotganlar ham uchramoqda. 
Ammo “Qonun chiqsa, uyimga hujjat qilib olaman” deb noqonuniy qurilish boshlab yuborganlar xato o‘ylashadi. Sababi, Kadastr agentligi tomonidan yerlarning holatini o‘rganish bo‘yicha kosmik s’yomkalar, xaritalari bor. Ular yordamida 5-10 yil, hatto 20 yil ortga qaytarib tekshirishimiz mumkin. Bu jarayonda insonlar faqat o‘zlariga moddiy zarar ko‘rishlari bilan bir qatorda, jinoiy javobgar bo‘lishlari mumkin.  
Sababi birinchidan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik, u yerga noqonuniy qurilmani amalga oshirganlik uchun qonunchiligimizda Ma’muriy javobgarlikdan, Jinoiy javobgarlikkacha choralar belgilangan. Shuning uchun bunday toifadagi insonlar hozirgi kunda o‘zboshimchalik bilan imorat qurayotgan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan to‘xtatishlarini va yerni asl holatiga qaytarishlarini so‘raymiz. 
Qabul qilinishi kutilayotgan qonunda hozirgi davrda egallab olib qurilish qilayotgan binolarga huquqni e’tirof etishi nazarda tutilmagan. Aksincha hozirda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy qurilish qilayotganlar qonunbuzurlik turiga ko‘ra ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi.  
Yer maydonlarini noqonuniy egallab olingani uchun jinoiy javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 197¹ hamda 229¹-moddalarida belgilangan. Eng muhim qismiga to‘xtalib o‘tamiz.  
229¹-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 
229¹-moddaning ikkinchi qismida, Sug‘oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish, — bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan  
600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan. 
Yer – umummilliy boylik, eng muhim tabiiy resurslardan biri bo‘lgani uchun ham undan samarali va belgilangan maqsadda foydalanish zarur. Har bir qarich yerning hisobi bor. Nazorati ham shunga yarasha kuchli bo‘ladi. 
Shu o‘rinda, hurmatli yurtdoshlarimizdan yerga oid qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishlarini, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab, huquqbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklarini yana bir bor so‘rab qolamiz. 
Zero, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallaganlik holatlariga qarshi keskin kurashishda Qonun ustuvorligi albatta ta’minlanadi.


Bekzod Tashxodjayev 

Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i

Комментарии (1)

Жамшидбек
0
Жамшидбек
Учтепа тумани Бешқайрағоч кўчаси 264-уйда курилган ноқонуний қурилма бўйича махаллий аҳолисининг бир неча маротаба мурожаатлари натижасиз келаяпти
Ответить
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-