Yerni o'zboshimchalik bilan egallash javobgarlikka sabab bo‘ladi
Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi, uning tuman bo‘limlari tomonidan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaslik holatlarini aniqlash, yerdan maqsadli foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
– 2023 yilning 11 oyi davomida poytaxtimizning Yakkasaroy tumani bo‘yicha aholi yashash manzillarida jami 215 ta holatda (2.77 gektar) yer qonun buzilishi holatlari aniqlangan, - deydi Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasining Yakkasaroy tumani bo‘limi boshlig‘i Shiddatbek Abdug‘afforov.
– Bu bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan jismoniy va yuridik shaxslarning har biriga ogohlantirish xati berildi. Jumladan, 133 ta holat bo‘yicha ma’muriy choralar ko‘rildi, 67 nafar shaxs huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etganligi sababli javobgarlikdan ozod qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksining 60-modda 2-qismiga asosan, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, mansabdor shaxslarga 50 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mazkur huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini ta’minlasa va o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
Joriy yilning 11 oyi davomida tuman hududida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 131 ta holatda (1.21 gektar) yer maydonlari fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi aniqlangan. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 43 ta holatda 0.19 gektar yer maydoni fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilib, asl holatiga qaytarilishi ta’minlangan. Qolgan 88 ta holat yuzasidan sud tartibida ko‘rib chiqish uchun sud organlariga da’vo arizalari kiritilgan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 229-moddasiga ko‘ra, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shu o‘rinda fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlaridan yer va suv resurslaridan oqilona hamda maqsadli foydalanish, uni asrab avaylash, kelajak avlod uchun bus-butun saqlash, yer qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymasliklarini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz.
Zero, yuqorida qayd etib o‘tilganidek, qonunchilikda yer qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan jismoniy va yuridik shaxslar ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.