Malakali kadrlar - tashkilot taraqqiyotining asosi

Malakali kadrlar - tashkilot taraqqiyotining asosi
Yoshlar – xalqimiz, davlatimizning bebaho boyligi. Bugungi kunda davlat idoralarida zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozisiyaga ega, tashabbuskor, qiyinchiliklardan cho‘chimaydigan yosh kadrlarni kamol toptirish, ularga o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish muhim vazifa hisoblanadi.
Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi rahbariyati tomonidan ham ushbu yo‘nalishda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. 
Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda boshqarma va uning tuman fililallarida 129 nafar yosh xodim faoliyat yuritmoqda. Bu umumiy ishchilar sonining 31% foizi deganidir. Ularning 113 nafari yigitlar, 16 nafari xotin-qizlar. Tizimda faoliyat olib borayotgan yoshlar tajribali xodimlarga biriktirilgan.Yosh xodimlarning ta’lim olishi, salomatliklarini asrash, o‘z kasbiy bilim va mahoratlarini oshirib borish masalalari rahbariyatning doimiy e’tiborida. Aniq raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak: hozirgi vaqtda tavsiyanoma asosida oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirgan yoshlarimiz soni –  9 nafarni tashkil etsa, 6 nafar yosh xodimlarimizning to‘lov shartnoma  pullari Boshqarma tomonidan to‘lab berilmoqda. 
Boshqarmaning har chorakdagi ish faoliyati sarhisob qilinib, muntazam ravishda o‘z faolligi bilan ajralib turgan bir guruh yosh xodimlar munosib rag‘batlantirib kelinadi.
Bundan tashqari sohani yanada rivojlantirish maqsadida yoshlarning muammo va tashabbuslarini eshitish, tizimdagi muammo va masalalarga yangi fikrlar-g‘oyalar yordamida birgalikda ijobiy yechim topish maqsadida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazib kelinmoqda.
Rasmiyatchilikdan holi, ochiq va samimiy ruhda o‘tadigan uchrashuvda yosh xodimlarning bugungi faoliyati, erishayotgan natijalari bilan yaqindan tanishiladi. Ularning soha kelajagi uchun manfaatli bo‘ladigan taklif va tashabbuslari tinglanadi. Yakunda yoshlar tomonidan bildirilgan taklif hamda savollar yechimi yuzasidan mutasaddi xodimlarga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olinmoqda.
Ma’lumki, malakali kadrlar tashkilot taraqqiyotining asosi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3151-son hamda 2909-sonli qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Tarmoq kelishuvi tasdiqlandi.
Shunga ko‘ra, boshqarma binosida mazkur oliygoh kafedrasi filiali faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunda 2024-2025 o‘quv yili uchun tasdiqlangan dars jadvaliga asosan Geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishida tahsil olayotgan to‘rtinchi bosqich talabalari uchun “Ko‘chmas mulk kadastri” fanidan ma’ruza va amaliy mashg‘ulot darslari olib borilmoqda.
Amaliy mashg‘ulot davomida talabalar tuman filiallarida ish faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdalar. Unda tizimdagi raqamlashtirish jarayonlari, ko‘rsatilayotgan xizmatlar, O‘RQ-937-sonli Qonunga binoan amalga oshirilayotgan xatlov ishlari haqida ma’lumot taqdim qilinib, kadastr sohasiga qiziquvchi talaba yoshlarga kelgusida yetuk kadr bo‘lib yetishishlari uchun muhim tavsiyalar ham berilyapti.
Bu kabi o‘quv darslari doimiy ravishda tashkil etilib, bo‘lajak mutaxassislarning amaliy bilimlarini oshirishga, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, boshqarma tomonidan sohaga qiziquvchi, yosh va iqtidorli bo‘lajak mutaxassislarni jalb qilib maqsadida turli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Birgina 2024 yil davomida Toshkent irrigatsiya milliy tadqiqot universitetidan 30 nafar, Toshkent arxitektura-qurilish universitetidan 25 nafar, O‘zbekiston milliy universitetidan 18 nafar, Toshkent davlat texnika universitetidan 22 nafar, Toshkent geodeziya va kartografiya kollejidan 10 nafar, Gidrometeorologiya kollejidan 16 nafar, jami 121 nafar talabalar Boshqarma va uning hududiy filiallarida malaka oshirishlari ta’minlandi.

Dilnoza Mirzarahimova,
Davlat kadastrlari palatasi 
Toshkent shahar boshqarmasi 
bosh mutaxassisi
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-