Arxiv – kadastrning yuragi

Arxiv – kadastrning yuragi
Kadastr sohasida arxiv hujjatlaridan foydalanish xizmatlarni ko‘rsatishning asosi hisoblanadi. Sababi kelib tushayotgan so‘rovlarning ijrosini ta’minlashda aynan kadastr yig‘majildiga murojaat qilinadi.
Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi va uning hududiy filiallari arxiv xonalarida poytaxtimiz azim Toshkentning har bir qarich yeri tarixi, aholi xonadonlarining o‘tmish hayoti aks etgan jami  826 904 ta kadastr yig‘majild hujjatlari saqlanadi. Shundan 204 647 ta turar joy ob’yektlari, 70 119 ta noturar joy, 550 198 ta kvartira va 1 940 ta yer bo‘laklari ob’yektlariga tegishli hujjatlardir. So‘nggi yillarda kadastr tizimining yuragi bo‘lgan arxiv yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratilib, sohani zamon talablari asosida yanada takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Xususan, 2024 yil Davlat kadastrlari palatasida “Arxiv hujjatlarini raqamlashtirish va ularning hisobini to‘g‘ri yuritishni yo‘lga qo‘yish yili” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan boshqarmaning tuman filiallari idoraviy arxivlarida saqlanayotgan arxiv hujjatlarining mavjudlik holatini o‘rganish va raqamlashtirish amalga oshirildi. 
Mazkur jarayonda har bir kadastr yig‘majildlarini raqamlash, muhrlash va skaner qilingan hujjatlarni “Next Cloud” elektron tizimiga yuklash hamda barcha o‘rganilgan hujjatlarni namuna ilovasiga muvofiq to‘liq ma’lumotlarni kiritib, elektron ko‘rinishda saqlagan holda ishlar olib borildi. Natijada o‘tgan yili 42 550 dan ortiq arxiv hujjatlari raqamlashtirilib, 70 360 ta  hujjatlar tartiblashtirildi.
Avvallari kadastr hujjatlari ko‘cha yoki mahalla kesimida joylashtirilgan bo‘lsa, hozirda qidiruv tizimi joriy etilib, bunda stelajlar raqami, polka raqami va hujjatlar raqamlanadi, bu esa  hujjatlarni tezda topish imkonini yaratib beradi. 
Raqamlashtirish davrida qog‘ozlar bilan ishlash erishdek tuyulishi mumkin. Lekin shunday hujjatlar borki, ularning asl nusxasini sifatli saqlab qolish juda muhim. Bu boradagi ishlarni samarali tashkil qilish maqsadida “Namunali arxiv” loyihasi doirasida Sergeli va Yangihayot tuman filiallarining idoraviy arxivlari qisqa muddat ichida har tomonlama zamonaviy va aqlli arxivga aylantirildi. 
Jumladan, arxiv xonasiga mobil stellajlar, yong‘indan xabarlash uchun tutunga ishlaydigan signalizatorlar, o‘t o‘chirish vositalari, videokuzatuv kameralari, namlikni va xaroratni elektron o‘lchash vositalari joylashtirildi. Qog‘ozlarning to‘g‘ri saqlanishi va sifati buzilmasligi uchun maxsus ventilyasiya tizimi o‘rnatildi. Begona shaxslarning kirishini cheklash va xavfsizlik nuqtayi nazaridan arxiv xonasiga barmoq izi va yuzni tanish tizimi (Face-ID) orqali kirish yo‘lga qo‘yildi.
Eng kuchli nazorat yong‘in xavfsizligiga qaratilgan. Temir stelajlarning ustunlik tomoni yong‘inga chidamli – olov o‘tkazmaydi. Yong‘in chiqqan vaqtida hujjatlarni boshqa joyga evakuatsiya qilish imkoniyati mavjud. Shuningdek, yig‘iluvchan bu javonlar arxiv xonalarida 30-35 foizgacha qo‘shimcha joy yaratilishiga zamin yaratadi. 
Joriy yilda esa mazkur ezgu tashabbus davom ettirilib, Yashnobod, Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek tuman filiallarida ham “Namunaviy idoraviy arxiv” loyihasi amaliyotga tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, arxiv yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar nafaqat hujjatlarning xavfsiz saqlanishini, balki fuqarolarning uy-joy va yer mulklariga doir ma’lumotlarini himoya qilish bo‘yicha huquqlarini ham ta’minlayapti.

Aida Muslimova,

Davlat kadastrlari palatasi 

Toshkent shahar boshqarmasi 

Arxiv ishi nazorati bosh mutaxassisi

Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-