O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli suxandon O‘tkir Siddiqov 78 yoshida vafot etdi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli suxandon O‘tkir Siddiqov 78 yoshida vafot etdi. Bu haqda shoir Bobur Bobomurod Facebook dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
O‘tkir Siddiqov 1945-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomchilik sanʼati institutining drama va kino aktyorligi yo‘nalishini tamomlagan. U 1968-yildan “Shodlik” ashula va raqs ansamblida ishlay boshlagan.
O‘tkir Siddiqov boshlovchi sifatida bugungacha 8 mingga yaqin konsert va tadbirlarda qatnashgan. U 250 martadan ortiq turli shahar va mamlakatlardagi gastrol safarlarida boshlovchilik qilgan.
U 1996-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni, 2017-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Bobur Bobomurodga ko‘ra, janoza 20-noyabr kuni peshinda “Ko‘kcha” masjidida o‘qiladi.