Buxoroda talaba qiz chiqindi tashuv yuk mashinasi g‘ildiraklari ostida qolib, vafot etdi
Buxoroda talaba qiz chiqindi tashuv yuk mashinasi g‘ildiraklari ostida qolishi oqibatida voqea joyida vafot etdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov ma’lum qildi.
Buxoro shahrining Mustaqillik ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida Buxoro davlat pedagogika institutining 2-bosqich talabasi N.R. ijarada turib yashab kelayotgan bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, N.R. 7 noyabr kuni soat 08:22larda chiqindilarni tashlash uchun ko‘chaga chiqqan. U chiqindi yig‘iladigan maxsus joyga borganida yuk mashinasi ham yig‘ilgan chiqindilarni olib ketish uchun kelgan bo‘lgan. Xuddi shu vaqtda Buxoro shahar «Maxsusavtoxo‘jalik» MCHJ haydovchisi o‘ziga biriktirilgan mashinada N.R.ni ko‘rmasdan ehtiyotsizlik oqibatida bosib ketgan.
«Qo‘ni-qo‘shnilar o‘sha paytning o‘zida «Tez yordam»ga xabar bergan. «Tez yordam» mashinasi voqea joyiga oradan 40 daqiqa o‘tgach yetib kelgani aytildi. Balki, o‘z vaqtida yetib kelganida, talaba qiz hayotini saqlab qolish mumkin bo‘lardi. Yanayam bilmadim», – deydi ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqaro.
Respublika Tez tibbiy yordam markazi viloyat filiali Davolash ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Aziz Bobojonovning aytishicha, «Tez yordam» chaqiruvi soat 08:28da kelib tushgan. Soat 08:29 da chaqiruv markaziy «Tez yordam»ga beriladi. Yo‘lga chiqqan shoshilinch brigada 08:35 da voqea joyiga yetib borgan.
«Har bir chaqiruvchi bilan muloqot yozib olinadi. Chaqiruv soat 08:28 da kelib tushayapti. Yo‘lga chiqqan shoshilinch brigada 08:35 da voqea joyiga yetib borgan. Shoshilinch tez tibbiy yordam markazida voqea joyiga borib qaytguncha, 8 kilometr masofani tashkil etadi. Bizda hamma holat kompyuterlashtirilgan va tizimga noto‘g‘ri ma’lumot kiritilmaydi», – dedi u.
Aziz Bobojonovning qo‘shimcha qilishicha, «Tez yordam» yetib borgan vaqtida murda usti yopib qo‘yilgan bo‘lgan. Voqea sodir bo‘lgan vaqtda uning barcha hayotiy organlari jarohat olgan bo‘lgan. Voqea joyida bo‘lgan huquq-tartibot idoralari vakillari esa endi kech bo‘lgani, qizda biologik o‘lim holati yuzaga kelganini bildirishgan. Qizning jasadi ekspertiza markaziga jo‘natilishi tushuntirilgan.
Buxoro shahar «Maxsusavtoxo‘jalik» MCHJ rahbari chiqindi tashuvchi yuk mashina haydovchisi M.M. 35 yoshda ekani, uning 5 yillik tajriba ega ekanini bildirib, holat talaba qizning bo‘yi chiqindi qutilaridan pastligi bois ko‘rinmay qolgani oqibatida sodir bo‘lganini bildirgan.