San'atkorlarga uy sotib olish uchun subsidiya ajratish tartibi belgilanmoqda
Madaniyat va san’at xodimlarini qo‘llab-quvvatlash hamda uy-joy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir 2022 yil 2 fevraldagi PQ–112-son qarori qabul qilingan edi. Unga asosan mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan ushbu hududda uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va san’at sohasi vakillariga hamda iste’dodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq belgilangan uy-joy hisoblangan qiymatining 50 foizidan yuqori bo‘lmagan miqdorda subsidiya berilishi belgilangan edi.
Vazirlar Mahkamasi uy-joy sotib olish uchun madaniyat va san’at xodimlariga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi qarori loyihasini e’lon qildi.
Belgilanishicha, har yili mahalliy byudjetdan shahar va qishloq joylarida qurilgan ko‘p qavatli uylardan birlamchi va ikkilamchi bozorda kvartiralar sotib olishda ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badalning bir qismini qoplash maqsadida ajratiladigan subsidiyalar tegishli moliya yili uchun tasdiqlangan parametrlar doirasida amalga oshiriladi.
Shuningdek, mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan ushbu hududda uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va san’at sohasi vakillariga hamda iste’dodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar uchun 192,5 mln so‘mdan hamda Toshkent shahri uchun 245 mln so‘mdan yuqori bo‘lmagan miqdorda bir martalik subsidiya beriladi.
Subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi tavsiyanoma olgan shaxslar ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning uy-joy qiymatining kamida 5 foiziga teng bo‘lgan qismini o‘z mablag‘lari hisobidan shakllantiradi.
Subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchining daromadlariga u bilan birga yashamayotgan yaqin qarindoshlarining daromadlari ham inobatga olinadi.
Yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruksiya qilish) uchun esa ipoteka kreditlari Toshkent shahridan tashqari barcha hududlar uchun ajratiladi.
Sotib olinadigan kvartiraning narxi xabarnomada ko‘rsatilgan uy-joyning yuqori qiymatidan oshib ketgan taqdirda, qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan shakllantiriladigan boshlang‘ich badal summasini oshirish orqali qoplanadi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur hujjat xali loyiha bo‘lib, Hukumat qabul qilganidan va rasmiy e’lon qilinganidan so‘ng rasman kuchga kiradi.