O'zbek shaxmatida ayollar o'rtasida ilk jahon chempioni chiqdi
Italiyada o‘tayotgan shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining 14 yoshgacha bo‘lgan yosh toifasida hamyurtimiz Afruza Hamdamova muddatidan avval jahon chempioni bo‘ldi.
Oxirgi turda qanday natija bo‘lishidan qat’i nazar Afruza chempionga aylanadi, chunki unga yetib olishi mumkin bo‘lgan yagona ta’qibchisi — qozog‘istonlik shaxmatchini o‘zaro o‘yinda mag‘lub etgan. Musobaqa nizomiga ko‘ra, ochkolar teng kelib qolsa, o‘zaro o‘yinga qaraladi.
UzChess kanalining yozishicha, Afruza O‘zbekiston tarixida qizlar o‘rtasidagi ilk jahon chempioniga aylandi.
Shu paytga qadar Gulruhbegim Tohirjonova va Bahora Abdusattorova o‘z yosh toifalarida kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.