”Bir kontur – bir mahsulot”: ham hosil, ham daromad

”Bir kontur – bir mahsulot”: ham hosil, ham daromad
Mamlakatimizda dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun ijara huquqi asosida yer maydonlari ajratilishi aholi daromadlarining oshishiga va turmush tarzini sezilarli darajada yaxshilash imkonini bermoqda.
Prezidentimizning 2024 yil 18 yanvardagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada dasturilamal bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 1 fevraldagi “Aholiga dehqon xo‘jaligini tashkil etish uchun ijara huquqi asosida ajratilayotgan yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida olib boriladigan aniq vazifalar belgilab berilgan. Mazkur tamoyil asosida Vobkent tuman tijorat banklari tomonidan aholiga ijara asosida berilayotgan yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha namunali loyihalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Darhaqiqat, tumandagi "Changaron" mahalla fuqarolar yig‘inida bugunga kelib 822 ta xonadon va ularda jami 3544 mingdan ortiq aholi umrguzaronlik qilayotgan bo‘lsa, ular ixtiyoridagi tomorqa yeri 62 gektarni tashkil etmoqda.
Mahallada tomorqa imkoniyatlaridan samarali foydalanayotgan xonadonlar talaygina. Ular davlatimiz tomonidan tomorqa xo‘jaligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor kuchaytirilayotgani tufayli o‘ziga tegishli yer maydonidan unumli foydalanib, nafaqat oilasi daromadini oshirmoqda, balki bozor to‘kinligi va el-yurt farovonligiga ham munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Jumladan, mahallaning Nayman qishlog‘i aholisi ayniqsa, piyoz, sabzi, sholg‘om, qolaversa, anor yetishtirish hadisini olgan. Bu ixtisoslashuv aholining tomorqaga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda. Jumladan, namunali tomorqachilardan biri Nabi Rajabov yoshi oltmishni qoralagan bo‘lsa-da, hali bardam-baquvvat. Yillar ortidan mashaqqatli mehnatdan qavargan qo‘llar, yuzdagi ajinlar dehqonga o‘zgacha salobat bag‘ishlagan. Oila yashayotgan hovlining 20 sotixi ekin maydoni. Uning kattagina qismida har yili anor ekib yetishtirish kanda bo‘lmaydi. Qolaversa, Nabi Rajabov o‘ziga katta yo‘l yoqasidan dehqon xo‘jaligi sifatida rasmiylashtirib berilgan 4 gektar  yer maydonida ham takroriy mahsulot sifatida sabzi ekib yetishtirmoqda. Hozir baravj bo‘y ko‘rsatib qolgan paykaldan ko‘z quvnaydi.

Yerning qolgan 3 gektar yeriga qismida esa loviya va oshqovoq ekib yetishtirilmoqda. Ekin yeri yana bir qismida “to‘qsonbosti” usulida kartoshka ekilgan. Bir so‘z bilan aytganda, mana shu tomorqasidan Nabi Rajabov yiliga 2-3 marta barakali hosil olib, bundan mo‘l  daromad topmoqda.

— Bu yil sabzi hosili kutilganidan barakali bo‘ldi. Hozirda yarim gektar yerda yetishtirayotgan “meyonsoli” naviga mansub sabzidan 30 tonnaga yetkazib xirmon ko‘tarishni ko‘zlayapmiz. Shu bilan birga, kech kuzga borib loviyadan ham 20 tonna atrofida hosil olish harakatida oila a’zolarimiz bilan ter to‘kmoqdamiz, — deydi xonadon sohibi Nabi Rajabov. — Yaqin-yaqingacha bu yerlar qarovsiz va bo‘sh yotardi. Asosan chorva mollarimiz uchun ozuqabop o‘t, makkajo‘xori, tariq yetishtirib olardik. Endilikda mana, ikki-uch yildirki, tomorqadan unumli foydalanib, mo‘may daromadni qo‘lga kiritmoqdamiz. Shu yil yakunigacha 200 millioan so‘mdan oshirib daromad qilishni mo‘ljallab turibmiz. Birgina sabzining o‘zidan 40 million so‘m foydani ko‘zlaganmiz. Bundan tashqari, pomidor, bodring, piyoz ekib yetishtirib ham kam bo‘lmayapmiz. 

Xullas, mirishkor oila ekin yerini bo‘sh qo‘ymaydi. Binobarin, "Yerni boqsang, yer seni boqadi", deganlari shu bo‘lsa kerak. Shu kunlarda esa Nabi Rajabov oilasi bilan birgalikda dehqonchilik xo‘jaligida issiqxona qurish harakatiga tushgan. Bundan ko‘rinadiki, astoydil mehnat tufayli yana mahsuldorlik oshiriladi va albatta, qo‘shimcha daromad olinadi.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-