Yo‘l harakati qoidalariga skuter va elektrosamokatlar bo‘yicha qo‘shimcha kiritiladi
Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab DYHXX organlarida dvigateli 25 va undan ortiq kub/santimetr ish hajmiga ega bo‘lgan yoki konstruksiyaviy tezligi soatiga 25 va undan ortiq kilometr bo‘lgan avtomototransport vositalari, elektrodvigatelining quvvati 0,25 kVt va undan ortiq yoki soatiga 25 kilometr va undan yuqori tezlikka ega bo‘lgan elektromobillar (elektromototsikllar, elektroskuterlar va boshqalar), shuningdek, tirkama va yarim tirkamalar davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan transport vositalarini boshqarish faqat tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslarga ruxsat beriladi.
Ichki ishlar vazirligi uch oy muddatda:
ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda elektrosamokatlarni ijraga berishni taqiqlash, ularni soddalashtirilgan tartibda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatga olish va ularga alohida davlat raqam belgilarini berish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
ikki oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.
Shuningdek, loyiha bilan:
“skuter” va “individual harakatlanish vositalari” tushunchalariga taʼrif berilib, ularning qaysi toifadagi transport vositasi turiga kirishiga aniqlik kiritilmoqda;
yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda;
Yo‘l harakati qoidalariga 1-ilova - Yo‘l belgilari esa qo‘shimcha ravishda 3.5.1 (skuterlar harakatlanishi taqiqlangan) va 3.34 (individual harakatlanish vositalarini boshqarish taqiqlangan) yo‘l belgilari bilan to‘ldirilmoqda;
Yo‘l harakati qoidalari yangi 12-1 va 12-2-bandlar bilan to‘ldirilib, individual harakatlanish vositalari boshqaradigan shaxslarga taqiqlanadigan va majburiy bo‘lgan harakatlar belgilab berilmoqda.