Kadastr pasporti bepul rasmiylashtirilishi mumkinmi?

Kadastr pasporti bepul rasmiylashtirilishi mumkinmi?
Ma’lumki, ko‘chmas mulk ob’yektini kadastr hisobiga olish va kadastr yig‘majildini shakllantirish natijasida ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘yicha elektron shaklda kadastr pasporti rasmiylashtiriladi. 
Bunda qog‘oz shaklidagi kadastr pasporti Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali, plastik shakldagi kadastr pasporti faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi.
Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasining Chilonzor tuman filiali tomonidan aholiga kadastr xizmatlarini ko‘rsatish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2023 yilning 1 dekabr holatiga tuman aholisidan ko‘chmas mulk ob’yektlariga kadastr pasportini shakllantirish yuzasidan jami 3 524 ta ariza kelib tushgan. Shundan 2 623 ta ariza ijobiy hal etilib, kadastr pasportlari shakllantirib berilgan. Ayni yo‘nalishdagi murojaatlarning 897 tasi rad etilgan bo‘lsa, 4 ta ariza to‘lov jarayonida turibdi.
Fuqarolar tomonidan kadastr xizmatlaridan foydalanish uchun qancha to‘lov qilinadi, bu jarayonda imtiyoz yoki chegirmalar mavjudmi degan savollar ko‘p beriladi. Shu o‘rinda, mazkur mavzuga ham alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Kadastr pasportini berish uchun undiriladigan to‘lov miqdorlari Vazirlar Mahkamasining «Davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 2014 yil 10 iyuldagi 186-son qaroriga asosan belgilanadi.
Chegirma/imtiyoz masalasiga kelsak, davlat xizmatidan foydalanish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etilsa, to‘lov qiymati summasining 90 foizi undiriladi.
Bundan tashqari «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironlari va Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari uchun davlat xizmatlari narxi xizmatlar umumiy qiymatining 50 foizini tashkil qiladi (tadbirkorlik faoliyati maqsadlarida yoki yuridik shaxslar vakili sifatida murojaat qilingan holatlar bundan mustasno).
Shuning bilan bir qatorda quyidagi hollarda kadastr pasportini rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi:
ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘yicha birlamchi kadastr yig‘majildi (pasporti) mavjud bo‘lib, begonalashtirilganda yoki ob’yektda o‘zgarishlar (rekonstruksiya, qo‘shimcha va alohida qurilish) mavjud bo‘lmaganda;
ko‘chmas mulk ob’yektining bir qismi begonalashtirilganda ob’yektning qolgan qismiga yoki rekonstruksiyasiz toifasi o‘zgarganda;
kadastr yig‘majildi (pasporti) yo‘qolganda (yaroqsiz holga kelganda).
Ushbu hollarda kadastr pasporti 3 ish kuni mobaynida rasmiylashtiriladi.

Omonjon Nosirov, 
Davlat kadastrlari palatasi 
Toshkent shahar boshqarmasining 
Chilonzor tuman filiali boshlig‘i
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-