O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi birinchi eko-universitet — Green University ochildi
Toshkent viloyatida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti — Green University’ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.
Universitet davlat oliy taʼlim muassasasi bo‘lib, Hub and Spoke tamoyili asosida faoliyat olib boradi. Ushbu model strategik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka, yaxlit o‘quv tizimini yaratishga, resurslarni optimallashtirishga, talabalar va mutaxassislarning harakatchanligiga asoslanadi, shuningdek, mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirish, bilim va tajriba almashishga yordam beradi.
Hozirgi kunda hamkorlik uchun universitetga Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, AQSH va boshqa davlatlar xalqaro universitetlarining turli professorlarini faol jalb etmoqda.
Universitetda talabalarning bilim olishi uchun so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan xonalar, keng kutubxona, darsdan tashqari vaqtda shug‘ullanish uchun sport zali va boshqa qulayliklar yaratilgan.