Buxoroda supurgi yasayotgan talabalar holatiga Oliy ta’lim vazirligi munosabat bildirdi
Ijtimoy tarmoqlarda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti talabalari majburiy mehnatga jalb qilinganligi to‘g‘risidagi videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi - matbuot kotibi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida mas’ullar bilan voqea joyiga borgan. Muassasa rahbariyati va talabalar bilan suhbatlashib, fikrlarini tinglagan.
O‘rganishlar va olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti ilmiy jamoasi tomonidan hozirda yerning sho‘rlanishiga qarshi mahalliy galofit (cho‘lda o‘sadigan) o‘simliklardan foydalanish bo‘yicha tajribalar o‘tkazilmoqda.
Ro‘zg‘orda qo‘llaniladigan supurgi galofit o‘simlik sanaladigan sorgodan tayyorlanadi. Mazkur o‘simlik institutning bo‘sh, qarovsiz yer maydoniga ekilgan va hozirda u pishib yetilgani uchun, uni o‘rib olib, institut texnik xodimlari va yollanma ishchilar tomonidan institutning xo‘jalik ishlarida foydalanish maqsadida supurgilar tayyorlanmoqda.
Yer maydoni talabalar turar joyining yaqinida bo‘lgani bois, ushbu jarayonga qiziqqan bir necha talabalar xodimlarning ishini bevosita kelib kuzatganlar va ayrimlari yoshlarga xos qiziqish tufayli o‘zlari ham supurgi yasab ko‘rishga uringanlar.
Xabarga ko'ra, aynan shu jarayon videoga olinib, “talabalar majburiy mehnatga jalb etilyapti” degan yozuv bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilib, noto‘g‘ri talqin qilingan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati talabalarni har qanday majburiy mehnatga jalb etilishiga qat’iyan qarshi ekanini va tarqalgan ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.