Gaymoritni e’tiborsiz qoldirmang! Mutaxassis bilan suhbat

Gaymoritni e’tiborsiz qoldirmang! Mutaxassis bilan suhbat
— Bugungi suhbatimiz mavzusi — gaymorit. Avvalo, bu qanday kasallik?
— Gaymorit — bu burun yonidagi yuqori jag‘ bo‘shlig‘i, ya’ni sinus shilliq qavatining yallig‘lanishi bilan kechadigan kasallikdir, — deydi G‘ijduvon tuman sog‘liqni saqlash bo‘limiga qarashli Maslahat diagnostika markazi shifokori O‘tkir Hoshimov. — U sinusitning bir turi bo‘lib, LOR kasalliklari orasida eng ko‘p uchraydiganlaridan hisoblanadi. Kasallik paytida burun orqali nafas olish qiyinlashadi, burun ko‘prigi va yuz sohasida og‘riq paydo bo‘ladi, ba’zan ko‘z qovoqlari shishib, burundan yiringli ajralmalar keladi.
— Gaymorit qanchalik keng tarqalgan? Bolalarda ham uchraydimi?
— Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har o‘ninchi odam hayoti davomida gaymorit bilan kasallanishi mumkin. Bu kasallik 6 yoshdan boshlab bolalarda ham uchraydi. Ammo 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda sinuslar hali to‘liq rivojlanmagan bo‘lgani uchun ularda gaymorit deyarli kuzatilmaydi.
— Sinuslar qanday vazifani bajaradi?
— Sinuslar burun bo‘shlig‘i atrofida joylashgan bo‘lib, ular nafas olayotgan havoni namlantirish va isitishda muhim rol o‘ynaydi. Shilliq qavatdagi tukchalar havoni filtrlab, organizm uchun qulay holga keltiradi. Bundan tashqari, sinuslar ovoz ohangining shakllanishida ham ishtirok etadi.
— Gaymoritning qanday turlari mavjud?
— Kasallik asosan o‘tkir va surunkali shakllarga bo‘linadi. O‘tkir gaymorit kataral va yiringli ko‘rinishda bo‘ladi. Surunkali turida esa kataral, yiringli, kistoz va polipoz shakllar kuzatiladi. Bundan tashqari, yallig‘lanish bir tomonlama yoki ikki tomonlama bo‘lishi mumkin.
— Ushbu kasallik qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqadi?
— Eng asosiy sabablar — yuqori nafas yo‘llari infeksiyalari, allergik rinit, sovqotish va immunitetning pasayishidir. Shuningdek, burun to‘sig‘ining qiyshayishi, poliplar, tish kasalliklari, adenoidlar ham gaymorit rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Kam hollarda esa jarohatlar yoki o‘smalar sabab bo‘ladi.
— Kasallik qaysi mavsumda ko‘proq uchraydi?
— Asosan kuz-qish mavsumida kasallanish holatlari ortadi. Chunki bu davrda odamlar ko‘proq sovqotadi va immunitet zaiflashadi.
— Gaymoritning asosiy belgilari nimalardan iborat?
— O‘tkir turida bemorda burun oqishi, isitma, bosh og‘rig‘i, holsizlik, yuz va peshona sohasida og‘riq kuzatiladi. Nafas olish qiyinlashadi, ba’zan bemor og‘iz orqali nafas olishga majbur bo‘ladi. Dastlab burundan shaffof suyuqlik ajralsa, keyinchalik u qalinlashib, yashil rangga kiradi.
Surunkali turida esa belgilar biroz sustroq kechadi: bosh og‘rig‘i, kechasi yo‘tal, burun bitishi va umumiy holsizlik kuzatiladi.
— Agar davolanmasa, qanday asoratlar kelib chiqishi mumkin?
— Vaqtida davolanmagan gaymorit ko‘z bilan bog‘liq muammolar — masalan, konyunktivit yoki keratitga olib kelishi mumkin. Shuningdek, burun ichida yoriqlar paydo bo‘lishi va infeksiya boshqa a’zolarga tarqalishi ehtimoli ham mavjud.
— Kasallikning oldini olish uchun qanday tavsiyalar berasiz?
— Eng avvalo, shamollash va tumovni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak. Immunitetni mustahkamlash, sovuqdan saqlanish, burun gigiyenasiga rioya qilish muhim. Shuningdek, tish kasalliklarini o‘z vaqtida davolash va allergik holatlarni nazorat qilish ham gaymoritning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
— Suhbat uchun rahmat.
— Sizlarga ham rahmat. Eng muhimi, har qanday belgilar paydo bo‘lsa, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilishni unutmang, — deydi mutaxassis O‘tkir Hoshimov.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-