Mavsumiy xastaliklar: o‘tkir respirator kasalliklar haqida mutaxassis fikri
— Egamova Lola, oilaviy shifokor: O‘tkir respirator kasalliklar o‘zi nima?
— O‘tkir respirator kasalliklar (O‘RK) — bu havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan, nafas yo‘llarining turli qismlarida yallig‘lanish va organizmning umumiy zaharlanishi bilan kechadigan virusli xastaliklar guruhidir. Bu kasalliklar, ayniqsa, kuz-qish mavsumida ko‘p uchraydi va bolalar orasida juda keng tarqalgan.
— Ushbu kasalliklar kimlarda ko‘proq uchraydi?
— Asosan 3 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar O‘RKga ko‘proq chalinadi. Sababi, bu yoshda ularning immun tizimi hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi va tashqi omillarga nisbatan sezgirlik yuqori bo‘ladi.
— O‘RK tarkibiga qaysi kasalliklar kiradi?
— Bu guruhga virusli kasalliklar — gripp, paragripp, adenovirus, enterovirus kabi infeksiyalar kiradi. Shuningdek, ayrim hollarda bakterial qo‘zg‘atuvchilar — pnevmokokk, stafilokokk, meningokokk ham kasallikni chaqirishi mumkin.
— Kasallik qanday belgilar bilan boshlanadi?
— Odatda kasallik tumov bilan boshlanadi. Keyinchalik burun oqishi, aksirish, yo‘tal, tomoq qichishi, tana haroratining ko‘tarilishi kuzatiladi. Katta yoshdagi bolalar tomoq og‘rig‘idan shikoyat qiladi, kichik yoshdagilar esa ovqat yeyishda qiynaladi.
— Ota-onalar ko‘p uchraydigan qanday xatolarga yo‘l qo‘yadi?
— Eng katta xato — bolaning kasallik alomatlari bo‘lsa ham uni bog‘cha yoki maktabga yuborishdir. Bu nafaqat bolaning ahvolini og‘irlashtiradi, balki boshqa bolalarga ham infeksiya yuqishiga sabab bo‘ladi. Chunki viruslar aksirganda yoki yo‘talganda 2–3 metr masofagacha tarqaladi.
— Bunday vaziyatda qanday choralar ko‘rish lozim?
— Kasallangan bolani albatta alohidalash kerak. Unga dam berish, ko‘proq suyuqlik ichirish va shifokor tavsiyasiga binoan davolash zarur. O‘zbilarmonlik bilan dori berish tavsiya etilmaydi.
— O‘RKning oldini olish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?
— Profilaktika juda muhim. Buning uchun:
— shaxsiy va umumiy gigiena qoidalariga rioya qilish;
— to‘g‘ri va to‘laqonli ovqatlanish;
— jismoniy faollikni oshirish;
— xonalarni muntazam shamollatish va tozalash zarur.
— Yakuniy tavsiyangiz qanday?
— Eng muhimi — kasallikning ilk belgilari paydo bo‘lishi bilan e’tiborsiz qoldirmaslik. Vaqtida chora ko‘rilsa, kasallik yengil kechadi va asoratlar oldi olinadi.