Buxoro viloyatida transport sohasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida Avtomobil yoʻllari boshqarmasida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi
Tadbir boshida jurnalist bloger hamda OAV vakillariga Transport nazorati inspeksiyasining Avtomobil transportida nazorat olib borish hamda yo‘l-qurilish jarayonlarini kuzatish bo‘yicha Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yilning 11 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, tekshiruv jarayonlarini raqamlashtirish, nazorat tadbirlarida ochiqlikni ta’minlash, bundan tashqari yo‘l-qurilish sifati ustidan monitoringning yangi mexanizmlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha inspeksiya mutasaddilaridan atroflicha javob olishdi. Suhbat davomida avtomobil transportida noqonuniy tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar bo‘yicha amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.
Tadbirning navbatdagi qismi sifatida press-tur tashkil etildi. Unda ishtirokchilar Transport nazorati inspeksiyasining amaliy faoliyati jarayonlarini joyida kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi. Xususan:
— yo‘llarda og‘ir vaznli transport vositalarining vazn va hajm parametrlari qanday nazorat qilinishi;
— noqonuniy tashishlar bo‘yicha o‘tkaziladigan reydlarning tartibi;
— “Tashabbusli byudjet” loyihalari asosida barpo etilgan yo‘l obyektlarida bajarilgan ishlar;
— qurilish jarayonlarining sifatini baholash mexanizmlari amalda namoyish etildi.
Press-tur davomida jurnalistlar real jarayonlar guvohi bo‘lish bilan birga, transport xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tizimli islohotlarga alohida e’tibor qaratdi.
Mazkur tadbir OAV vakillari uchun sohadagi ochiqlikni yanada mustahkamladi hamda jamoatchilikka to‘g‘ri va aniq ma’lumot yetkazishda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.