Shaxsiy daxlsizlikni buzish — qonun oldida javobgarlikni talab etadi

Shaxsiy daxlsizlikni buzish — qonun oldida javobgarlikni talab etadi
Bugungi axborot asrida raqamli makonda sodir bo‘layotgan huquqbuzarliklar jamiyatimiz axloqiy muhitiga va fuqarolarning shaxsiy daxlsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Sud amaliyotida ijtimoiy tarmoqlar orqali sha’voniy mazmundagi materiallar yuborish, kamsituvchi yoki noqonuniy kontent tarqatish bilan bog‘liq ishlar ko‘payayotgani barchamizni hushyorlikka chorlaydi.
2025-yil 3-iyun kuni G‘ijduvon tuman sudida ko‘rib chiqilgan navbatdagi ma’muriy ish ham shunday xatti-harakatlarning oqibatini ochiq ko‘rsatib turibdi.
Fuqaro A.I. tomonidan 2025-yil 17-may kuni fuqaro M.E. nomiga Telegram messenjeri orqali pornografik mazmundagi fotosuratlar va sha’voniy xabarlar yuborilgani aniqlangan. Bu holat jabrlanuvchi tomonidan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilingach, ma’muriy ish yurituviga asos yaratdi.
Sud jarayonida sudlanuvchi sodir etgan huquqbuzarlikni to‘liq tan oldi. Jabrlanuvchi esa ushbu xabarlar uning shaxsiy hayotiga aralashuv bo‘lgani, ruhiy noqulaylik tug‘dirgani haqida ko‘rsatma berdi.

Konstitutsion normalar va sud bahosi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida har bir insonning sha’ni va qadr-qimmati har qanday holatda himoya qilinishi belgilangan bo‘lsa, 31-modda shaxsiy va oilaviy sirning daxlsizligini kafolatlaydi. Demak, raqamli makonda bo‘lishidan qat'i nazar, fuqarolarning shaxsiy hududi buzilishi hech qachon oqlanmaydi.
Sud tergov hujjatlari, jabrlanuvchi ko‘rsatmalari va aybdorning iqrorlik bayonotini o‘rganib, sudlanuvchining xatti-harakatlari aynan shaxsiy daxlsizlikni buzish hamda odob-axloq me’yorlariga zid kontent tarqatish sifatida baholadi.

Jazo tayinlash sabablari
Huquqbuzarlik xarakteri, fuqarolarning shaxsiy hayoti bilan bog‘liq jihatlar, aybdorning aybni tan olishi va boshqa holatlar inobatga olingan holda quyidagi qaror qabul qilindi:
X.A.  MJtKning 41 va 189-moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi.
Unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Daliliy ashyo sifatida olingan “HONOR” rusumli telefon davlat foydasiga musodara qilindi.
Mazkur ish, eng avvalo, raqamli axborot makonida axloqiy mas’uliyatni oshirishimiz zarurligini ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar orqali yengil munosabat bildirish, noo‘rin kontent tarqatish yoki kimningdir shaxsiy hududiga tajovuz qilish qonuniy javobgarlikka sabab bo‘lishini har bir fuqaro chuqur anglab yetishi lozim.
Sud organlarining vazifasi — nafaqat jazolash, balki jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni mustahkamlashdir. Shaxsiy hayot daxlsizligi, inson sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish — jamiyat taraqqiyotining eng muhim sharti.

Sh. Qurbanov, G‘ijduvon tuman sudining raisi. 

Z. Sherov, Buxoro viloyati sudining jinoyat ishlari bo'yicha sudyasi

Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-