Navoiy viloyati hokimligida matbuot anjumani va press-tur bo‘lib o‘tdi

Navoiy viloyati hokimligida matbuot anjumani va press-tur bo‘lib o‘tdi
 Navoiy viloyati hokimligida tuman va shahar hokimliklari, korxona hamda tashkilotlar matbuot kotiblari, jurnalistlar va blogerlar ishtirokida navbatdagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjuman davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–58-sonli Qarori mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.Xususan, Qaror ijrosini ommaviy axborot vositalarida tizimli yoritish, hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan tezkor va ishonchli ma’lumot berish, zamonaviy media platformalardan samarali foydalanish vazifalari belgilab olindi. Matbuot kotiblari hamda jurnalistlarning mazkur jarayondagi o‘rni va mas’uliyati alohida ta’kidlandi.
Press-tur davomida amaliy loyihalar bilan tanishildi. 
Matbuot anjumanidan so‘ng Axborot xizmati tomonidan press-tur tashkil etildi. Dastlab ommaviy axborot vositalari vakillari Navoiy shahridagi “Yoshlik” ko‘li atrofida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdilar.Ma’lum qilinishicha, Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bogʻi, “Yoshlik” ko‘li va atrofidagi eskirgan obyektlar yagona majmua sifatida qayta qurilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy ko‘ngilochar istirohat bog‘i, bir vaqtning o‘zida 1,5 ming aholiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan 8 ming kvadrat metrli tabiiy plyaj, akvapark hamda 300 dan ortiq xizmat va servis obyektlari barpo etilishi rejalashtirilgan. Natijada 2000 ga yaqin ish o‘rni yaratilishi va mahalliy budjetga yiliga o‘rtacha 40,5 mlrd so‘m tushum kelib tushishi kutilmoqda.
Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari Karmana tumaniga tashrif buyurib, “Qadimiy Karmana” turistik markazini tashkil etish loyihasi bilan tanishdilar. Loyiha asosida markaziy ko‘cha hamda uchta ichki ko‘cha etnik uslubda rekonstruksiya qilinadi, yo‘l infratuzilmasi yaxshilanadi.Shuningdek, Mirsaid Bahrom ziyoratgohi bilan uyg‘unlashtirilgan holda 4,5 gektar hududda zamonaviy istirohat bog‘i barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Loyihalar amalga oshirilishi natijasida hududga 500 ming nafargacha mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etish imkoniyati yaratiladi.
Tadbirlar davomida jurnalistlar va blogerlar hududlarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan bevosita tanishib, mutasaddilardan batafsil ma’lumotlar oldilar. Bu esa Qaror ijrosining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, aholini ishonchli axborot bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-