Navoiyda qo'liga o'yinchoq pistolet ko'tarib, video olgan 2 yigit 10 sutkaga qamaldi
Yigitlarning aytishicha, ular chet el blogerlaridan ilhomlanib, mazkur videoni olishgan.
"Chet el blogerlaridan ko‘rib, video ishlagandik", - deydi huquqbuzar yigit.
IIV JXD YHXXning ma’lum qilishicha, huquqbuzar yigitlar yarim tunda Navoiy shahri Gʻalabashoh ko‘chasida Gentra'da qo‘liga qurol olgan holda harakatlanib, holatni videotasvirga olishgan. Shundan so‘ng, videoni ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga joylashgan.
"Kechki payt jo‘ram mashinangda bitta video olaylik, deb iltimos qildi. Rozi bo‘ldim. Qo‘lidagi o‘yinchoq pistolet, yuzida esa maska edi. Video Instagram'ga qo‘yilgandan so‘ng, tarqalib ketdi. Bu oddiy pistolyot, deb o‘ylab, video olgandik. Buni qonunga hilof deb o‘ylamaganmiz", - deydi huquyuuzarlardan biri.
Mazkur ish JIB Navoiy shahar sudida ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga ko‘ra, ikki huquqbuzar MJtKning 183-moddasi bilan aybli deb topilib, ularga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.