Kadastr pasporti qanday hollarda rasmiylashtiriladi?

Kadastr pasporti qanday hollarda rasmiylashtiriladi?
Kadastr pasporti qanday hujjat va u qanday hollarda rasmiylashtiriladi?  
 - Kadastr pasporti — ko‘chmas mulk ob’yekti va ob’yektning kadastr raqami haqida umumiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan elektron hujjat. 
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi 535-son qaroriga asosan, ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘yicha birlamchi xatlov ishlari bajarilganda; 
ko‘chmas mulk ob’yektining bir qismi begonalashtirilganda yoki yer uchastkasi alohida bo‘linganda (bunda ikki qismga alohida kadastr pasporti shakllantiriladi); 
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari xususiylashtirilgandan so‘ng ularning bir qismiga bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tganda; 
yer uchastkasining maydoni yoki chegara nuqtalari o‘zgarganda; 
ko‘chmas mulk ob’yektining manzilini belgilashda yoki o‘zgartirishda; 
ko‘chmas mulk ob’yektining toifasi o‘zgarganda; 
o‘z yer uchastkasida tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirmasdan qurilgan bino va inshootlar mavjud bo‘lganda Ko‘chmas mulk ob’yektiga kadastr pasporti rasmiylashtiriladi.   
Kadastr pasportini olish uchun qayerga murojaat qilinadi?  
- Ariza beruvchi kadastr pasportini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari (my.gov.uz) portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. 
Ariza beruvchilar o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, DXM xodimi — ariza beruvchi nomidan, YAIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa so‘rovnomani elektron shaklda mustaqil to‘ldiradi. Uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda, so‘rovnomaga belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma ilova qilinadi.  
Vafot etgan shaxs nomidan uning yaqin qarindoshlari murojaat qilishi mumkin. So‘rovnomaga ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi. 
Ko‘chmas mulk ob’yektlarining turar joyga oid qismi bo‘yicha ya’ni ko‘p kvartirali uydagi kvartira uchun 3 ish kunigacha; yakka tartibdagi turar joy uchun 5 ish kunigacha kadastr pasporti tayyorlab beriladi. 
Kadastr pasportini berish uchun undiriladigan to‘lov miqdorlari Vazirlar Mahkamasining «Davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 2014 yil 10 iyuldagi 186-son qaroriga asosan belgilanadi. 
 Jumladan, ko‘chmas mulk ob’yektlarining turarjoy fondiga oid qismiga kadastr pasportini tayyorlash va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda ko‘p kvartirali uydagi kvartiraning 1 kv.m. maydoni uchun BHMning 1,15 foizi, Yakka tartibdagi turarjoyning 1 kv.m. maydoni uchun BHMning 1,15 foizi miqdorida to‘lov undiriladi. 
 Quyidagi hollarda kadastr pasportini rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi: 
- Ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘yicha birlamchi kadastr yig‘majildi (pasporti) mavjud bo‘lib, begonalashtirilganda yoki ob’yektda o‘zgarishlar (rekonstruksiya, qo‘shimcha va alohida qurilish) mavjud bo‘lmaganda; 
- ko‘chmas mulk ob’yektining bir qismi begonalashtirilganda ob’yektning qolgan qismiga yoki rekonstruksiyasiz toifasi o‘zgarganda; 
- kadastr yig‘majildi (pasporti) yo‘qolganda (yaroqsiz holga kelganda). 
Ushbu hollarda kadastr pasporti 3 ish kuni mobaynida rasmiylashtiriladi.  
Kadastr pasportini shakllantirish bo‘yicha yuborilgan arizalar rad etilishi mumkinmi? 
 - Ha, mumkin. So‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi; ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi;  
ariza beruvchi yoki uning vakili kelishilgan manzilda bo‘lmagan taqdirda; 
vakolatli organ tomonidan kadastr pasportini rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘chmas mulk ob’yektiga taqiq yoki xatlov qo‘yilganligi kabi holatlar kadastr pasporti berishni rad etish uchun asos bo‘ladi.

Mahmudjon Azimov 

Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha bosh mutaxassisi

Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-