Har bir qarich yerning hisobi bor

Har bir qarich yerning hisobi bor
Ona zamin – bebaho ne’mat, yer esa umummilliy boylik hisoblanadi. Yerdan foydalanish va xususiylashtirishning o‘ziga xos tartib-taomillari aniq belgilangan bo‘lsa-da, qonun talablarini chetlab o‘tib, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari, afsuski, hali hamon uchrab turibdi.
Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan 2025 yilning 1-mart holatiga poytaxtimiz hududida amalga oshirilgan yer va kadastr nazorati tadbirlari natijasida 737 ta holatda 10,5 gektar yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish bo‘yicha huquqbuzarliklar aniqlandi. Shundan aholi punkti yerlarida 734 ta, sanoat, transport, aloqa mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlarda 2 ta va suv fondi yerlarida 1 ta qonunbuzarlik holati qayd etildi.
Tahlillarga ko‘ra, eng ko‘p yerga oid huquqbuzarlik Sergeli (91 ta holatda 2,4 gektar), Yashnobod (83 ta holatda 0,6 gektar), Uchtepa (75 ta holatda 2,6 gektar), Yunusobod (71 ta holatda 1,1 gektar) va Olmazor tumanlari (70 ta holatda 0,8 gektar) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Umummilliy boylikka nisbatan g‘ayriqonuniy munosabatda bo‘lgan huquqbuzarlar bilan olib borilgan tushuntirish ishlari, berilgan yozma ko‘rsatmalar asosida 457 ta holatda 3,8 gektar yer qonunbuzilish holati fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilib, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydoni asl holatiga qaytarildi.
O‘zboshimchalik bilan egallangan 1,6 gektar yer maydonlarida qurilgan noqonuniy qurilmalarni buzdirish yuzasidan sudlarga 83 ta ta da’vo arizalari kiritildi. Huquqbuzarlik holatida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lgan 11 ta ish materiali o‘rnatilgan tartibga muvofiq prokuratura organlariga kiritildi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, ona zaminning har bir qarichini qadriga yetish, unga nisbatan amaldagi qonunchilik doirasida munosabatda bo‘lishni hayotning o‘zi talab etmoqda. Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga, tavakkalchilik asosida qurilish ishlarini amalga oshirishga bo‘lgan urinishlar bilan aslo murosa qilib bo‘lmaydi. Bunday holatlar huquqbuzarni javobgarlikka yetaklaydi. Bu kabi ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish uchun yerlarni avaylab-asrash nafaqat kadastr sohasi xodimlarining, balki har bir vatanparvar yurtdoshimizning burchi bo‘lishi kerak. 
Aziz va qadrli yurtdoshlar! 
Yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallash va unda noqonuniy qurilishlar qurib olganlik uchun qonunchiligimizda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. O‘zboshimchalik bilan qilingan harakat ertaga og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aslo yoddan chiqarmang!

Shiddatbek Abdug‘afforov 
Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari 

Оставить комментарий


Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив

-